Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyadagi kurdlar Rossiya bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini ma'lum qildi
Suriya kurdlari mamlakatdagi tinchlik ta'minlanishi yo‘lida Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Suriyadagi "Demokratik ittifoq" partiyasi yetakchisi Solih Muslim Muhammad Sputnik nashriga bergan intervyusida shu haqda ma'lum qilgan.
"Shu vaqtgacha bizda Rossiya bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga imkon bo‘lmay kelmoqda. Lekin biz bunday imkoniyat paydo bo‘lsa, juda xursand bo‘lamiz. Rossiya shu vaqtgacha bizning hududga bunchalik yaqinlashmagandi. Ular asosan G‘arbda harakatlanishmoqda edi. O‘ylaymanki, kelajakda biz Rossiya bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz", degan Solih Muslim Muhammad.
Ma'lumot uchun, kurdlar Suriya nizolarining bir qismi bo‘lib, bu tomon IShIDning ashaddiy dushmani hisoblanadi va Suriyadan ajralib, shimolda alohida davlat tuzish uchun harakat qilishadi. Shu bilan birgalikda Turkiya hududida yashaydigan kurdlar Kurdiston ishchilar partiyasi atrofida birlashgan va bu partiya Turkiya hukumati bilan dushman. Aynan shu partiya tomonidan shu yilning 20 iyulida Turkiya sharqidagi Suruch shahrida terakt amalga oshirilgach, (32 kishi qurbon bo‘lgan) Turkiya hukumati ichkaridagi kurdlarni asoratga solib, Suriya hududidagi kurdlarga qarshi havodan zarbalar berishni boshladi.
Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar 24 noyabr kuni Suriya va Turkiya chegarasida Su-24 rusumli harbiy bombardimonchi samolyot urib tushirilganidan keyin yomonlashdi. Urib tushirilgan samolyotning uchuvchilaridan biri halok bo‘lgan, ikkinchisi Suriya armiyasi tomonidan qutqarilgan.
31 sentabr kuni Rossiya IShIDga qarshi amaliyotlar o‘tkazish uchun Suriya hududiga kirgandi. 5 oktabr kuni Suriya kurdlari Rossiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
