Jahon | 10:59 / 26.11.2015
5507
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Sohildagi 41 mln kishi muhojirga yoki radikalga aylanishi mumkin

Afrika Sohili zonasi muhojirlar oqimi hamda ommaviy tarzda jangarilar yollanishi uchun asosiy manba bo‘lib qolishi yaqin yillarda kutilayotgan istiqboldir. Bu haqda BMT bosh kotibining Sohil bo‘yicha maxsus elchisi Xirut Guebre Selassie xalqaro tashkilot Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishida bayonot berdi.

Emissarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda Sohil aholisining faqat 36 foizi yozish va o‘qishni biladi, bolalarning yarmigina boshlang‘ich ta'lim olish imkoniyatiga ega.
Selassie xonimning so‘zlariga qaraganda, “Burkina-Faso, Chad, Mali, Mavritaniya va Nigerda 25 yoshga yetmagan 41 mln kishi ish topishga qiynalmoqda va tushkunlikka tushmoqda”. Shu sababdan ular radikal guruhlarning yollovchilari hamda muhojirlar tashuvchi kontrabandachila uchun oson o‘ljaga aylanishi mumkin.

“Agar hech qanday choralar ko‘rilmasa, ta'lim olish imkoniyatlari oshirilmasa, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmasa, yoshlar uchun imkoniyatlar yaratilmasa, Sohil ommaviy migratsiya, ekstremistik guruhlar tayyorlash va ularga odam yollash hududiga aylanib qolishi mumkin”, - ogohlantirdi emissar.

Ma'lumot uchun, Sohil deb Afrikaning markaziy qismidan g‘arbdan sharqqa qarab o‘tgan tropik cho‘l-biyobondan iborat uzun dolon tushuniladi. U Sahroyi Kabirni janubdagi ancha serhosil Bilod as-Sudan mintaqasidan ajratib turadi. U Senegal, Mavritaniya, Burkina-Faso, Mali, Nigeriya, Niger, Kamerun, Chad, Sudan, Eritreya davlatlarining hududlariga to‘g‘ri keladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish