Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erdo‘g‘an Rossiyani IShID bilan neft savdosi bo‘yicha til biriktirganlikda aybladi
AQSh Turkiyaga Rossiya kompaniyalarining IShID bilan neft oldi-sottisini yo‘lga qo‘ygani haqidagi ma'lumotni taqdim etgan. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi.
U Rossiya tomonidan Turkiyaning IShIDdan neft sotib olishda ayblanishini "quruq tuhmat" deb atagan.
26 noyabr kuni Turkiya rahbari bunday ayblovlar uchun isbot talab qilgandi. U Turkiya o‘z chegaralarida neft kontrabandasi amalga oshirilishining oldi olinganini ta'kidlagan.
Shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin IShIDning asosiy moliyaviy ta'minoti bo‘lgan neft noqonuniy yo‘llar bilan Turkiyaga o‘tayotganiga ishonchi komilligini bildirgandi.
"Bunga ishonish qiyin, lekin bu nazariy jihatdan bo‘lishi mumkin ish. Turkiya bu ishni bas qilishi kerak", degandi u qo‘shimcha tarzida.
Undan oldinroq ham Rossiya tomoni Su-24 samolyoti IShIDning neft sanoatiga jiddiy zarar yetkazilishi boshlanganidan keyin urib tushirilganiga e'tibor qaratgandi.
Shuningdek, Suriya prezidenti Bashar Asad IShIDning yangi harbiy kuchlar, qurollar va pullar bilan ta'minlanishida Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatar ishtirok etayotganini qayd etgandi. U ham Turkiyani IShID neftini sotib olayotganlikda ayblagan.