Sport | 11:14 / 30.11.2015
5941
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 14ta oliy sport mahorati maktablari tashkil etiladi

2016-2020 yillar davomida O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasi hududida jami 14ta oliy sport mahorati maktablari ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi prezidenti qarorida ma'lum qilingan.

Qarordan maqsad xalqaro toifali o‘zbekistonlik sportchilarni tayyorlash, O‘zbekiston vakillarining xalqaro arenalarda, xususan Osiyo o‘yinlari va olimpiadalarda, shuningdek, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro turnirlarda munosib natijalar ko‘rsatishini ta'minlash uchun samarali tizim barpo etish hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, bunday maktablar zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi, yangi maktablarda milliy terma jamoalar va ularning o‘rinbosarlari uchun yig‘inlar hamda mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Shuningdek, bu maktablarda respublika miqyosidagi turnirlar o‘tkaziladi.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi tarkibida bo‘ladigan bunday maxsus maktablar ixtisoslashuvi "mintaqalarda shakllangan sport maktablari va an'analari, murabbiy-o‘qituvchilar tarkibi hamda erishilgan sport yutuqlari bilan belgilanadi".

Qarorga ko‘ra quyidagi hududlarda ko‘rsatilgan ixtisoslik bo‘yicha oliy mahorat maktablari ochiladi.

Nukus — sport kurashi;
Andijon — boks;
Buxoro — gimnastika;
Jizzax — boks;
Qarshi — dzyudo;
Navoiy — suv sporti turlari;
Namangan — velosport (shosse, trek);
Samarqand — yengil atletika;
Termiz — sport yakkakurashlari;
Guliston — tennis va stol tennisi;
Toshkent viloyati — o‘q otish sport turlari;
Farg‘ona — taekvondo WTF;
Urganch — og‘ir atletika;
Toshkent — sport o‘yinlari.

Oliy mahorat sport maktablarining kontingentini sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning asosiy tarkibi va ularning zaxiradagi sportchilari tashkil etadi. Ular bepul yashab, to‘rt mahal ovqat, shuningdek, sport formasi va anjomlari bilan ta'minlanadi.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi zimmasiga yangi sport maktablarini yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda yuqori malakli murabbiy-o‘qituvchilar tarkibi bilan to‘ldirish vazifasi yuklatilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish