Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"O‘zbekiston temir yo‘llari" Ispaniyadan oladigan "Talgo" poyezdlari orqali yo‘lovchi tashish hajmi oshiriladi
5-6 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro investitsiyaviy forum “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarni modernizatsiyalash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, tarmoqqa xorijiy investorlarni yanada keng jalb etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Forumda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va ispaniyalik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida yana ikkita “Talgo” rusumidagi poyezdni xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlar harakatini tashkil etish va foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Olim Qurbonov UzAga ma'lum qilgan.
"Yangi poyezdlarda avvalgilardan farqli ravishda yo‘lovchi vagonlarini yana ikkitaga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Natijada ikki lokomotiv, o‘n yo‘lovchi vagoni va vagon-restorandan iborat yangi poyezdda jami 287 yo‘lovchini tashish mumkin bo‘ladi. Temir yo‘llarni elektrlashtirish ko‘lami kengayishi hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar sonining ortishi nafaqat Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlarida, balki boshqa hududlarda ham yo‘lovchi tashuvlarini eng zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish imkonini beradi", deydi u.
Uning aytishicha, investitsiyaviy forum doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik kompaniyasi xorijlik investorlar bilan umumiy qiymati qariyb 53 million dollarlik anglashuv memorandumlari va shartnomalar imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, 2011 yilda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida Ispaniyada ishlab chiqarilgan, ikki lokomotiv, sakkiz yo‘lovchi vagoni va vagon-restorandan iborat yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.