Jahon | 08:01 / 02.12.2015
4718
2 daqiqa o‘qiladi

Dovudo‘g‘li Rossiyaning sanksiyalaridan keladigan zararlarning kamaytirilishi choralari ko‘rilishiga va'da berdi

Turkiya bosh vaziri Ahmat Dovudo‘g‘li Rossiya tomonidan Turkiya qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan cheklov joriy qilinishi munosabati bilan turkiyalik ishlab chiqaruvchilar ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlar miqdori kamaytirilishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ma'lum qildi. Bu haqda u Haberturk telekanali orqali ma'lum qilgan.

Bosh vazir Rossiyani konstruktiv muzokaralar o‘tkazishga chaqirgan, turkiyalik tadbirkorlardan vahimaga tushmaslikni so‘ragan va hukumat bu vaziyatda tegishli ishlarni amalga oshirishini va'da qilgan.

Dovudo‘g‘li Su-24 samolyoti bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ham fikr bildirgan va bu vaziyatda Turkiya o‘z chegeralari xavfsizligini ta'minlash maqsadida xalqaro normalar asosida harakatlanganini ta'kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Su-24 samolyoti urib tushirilganidan so‘ng Rossiya Turkiya bilan harbiy sohadagi barcha o‘zaro aloqalarni to‘xtatdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28 noyabr kuni Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzolagan edi.

Biroz oldinroq, Rossiya hukumati taqiqlangan Turkiya mahsulotlari ro‘yxatini e'lon qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish