O‘zbekiston | 13:25 / 02.12.2015
11090
2 daqiqa o‘qiladi

Senat amnistiya to‘g‘risidagi aktni ko‘rib chiqadimi?

Ertaga, 3 dekabr kuni, Toshkentda parlament yuqori palatasining plenar majlisi ish boshlaydi. Majlisning e'lon qilingan kun tartibida amnistiya to‘g‘risidagi aktni qabul qilishi masalasi ko‘rsatilmagan.

Mustaqillik yillari O‘zbekistonda jami 25 marta amnistiya e'lon qilingan edi. Birinchi amnistiya 1991 yil 31 avgust kuni prezident Islom Karimov tashabbusiga ko‘ra e'lon qilingan edi. Shundan so‘ng Mustaqillik kuni munosabati bilan 9 marta, Konstitutsiya kuni munosabati bilan 13 marta, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega boshqa sanalar munosabati bilan yana 3 marta amnistiya aktlari qabul qilingan edi.

Amnistiya to‘g‘risidagi aktni qabul qilish huquqi davlat rahbaridan senatga 2005 yili, O‘zbekistonda ikki palatali parlament ish boshlashi bilan taqdim etilgan. Senat ilk bor amnistiya to‘g‘risidagi aktni 2005 yili, O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilinganligining 13 yilligi munosabati bilan qabul qildi.

2014 yilgi oxirgi amnistiya 52 498 kishiga nisbatan qo‘llandi. Shulardan 3 289 nafari bevosita jazoni o‘tash muassasasidan ozodlikka chiqarildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish