Jahon | 08:18 / 04.12.2015
13074
3 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov Putinning har yilgi Federal yig‘ilishga murojaatiga Hadisdan iqtibos bilan izoh berdi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Rossiya rahbariyatining IShIDga va ularga yordam berayotganlarga nisbatan qat'iy munosabatini qo‘llab-quvvatladi. Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Federal yig‘ilishga murojaati paytida ishtirok etib, Putinning aytgan ahamiyatli nutqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

“Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining Rossiya Federal yig‘ilishiga har yilgi murojaatida Alloh Turkiya rahbariyatini aqldan ozdirib, jazolaganini aytdi. Bizning bu masaladagi munosabatimiz ham qat'iydir. Biz Rossiya prezidentining qat'iy yo‘lini qo‘llab-quvvatlaymiz va islom dushmanlari – vahobiylar va terrorchilarga qarshi murosasiz munosabatimizni bir soniyaga ham o‘zgartirmaymiz”, deb aytdi Qodirov.    

Checheniston rahbari o‘z munosabatini izohlash uchun muborak Hadisdan parchalar keltirdi.

“Payg‘ambarimiz hadislarida sharq tomondan odamlar paydo bo‘lib, Qur'on tilovat qilishlari, biroq ularning bilimlari hattoki ularning halqumlarigacha ham yetib bormasligi aytilgan. Ular har asr paydo bo‘lib, tor-mor qilinishi aytilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “ular har asr paydo bo‘ladi va tor-mor qilinadi” deya bu so‘zlarni 20 martadan ko‘proq takrorlaganlar. Bugungi kunda butun dunyo diniy ulamolari yuz minglab musulmonlarning qonini to‘kayotgan iblis bandasini (IShID) shundaylar deb atamoqdalar. Ularga bevosita yoki bilvosita ko‘mak berayotganlar esa ular tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyatlar uchun gunohlarni o‘z bo‘ynilariga olmoqdalar. Bugungi kunda Turkiya terrorchilardan neft sotib olib, shu tariqa iblis bandasining byudjyetini to‘ldirib, ularga yordam berayotganiga hech kimda shubha qolmadi. Turkiya orqali Suriyaga butun dunyodan minglab banditlar o‘tmoqda”, deb yozdi Qodirov instagramdagi sahifasida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3 dekabrda Rossiya Federal yig‘ilishiga an'anaviy murojaati bilan yuzlandi. Putin tomonidan e'tibor qaratilgan asosiy mavzulardan biri terrorchilikka qarshi kurash bo‘ldi va buning uchun avvalambor davlatning o‘zining ichidagi birlashuv muhimligi aytildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish