O‘zbekiston | 09:56 / 05.12.2015
4746
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlariga tadbirkor vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha ularga ko‘rsatmalar berish taqiqlandi

2015 yil 4 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Yalpi majlisning ikkinchi kunida korporativ boshqaruv sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘rib chiqildi.

Senat Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2015 yil 24 aprel kuni “Aktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilinganligi munosabati bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan davlat organlariga, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa tashkilotlarga, shuningdek, ularning mansabdor shaxslariga tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining vakolatiga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha ularga ko‘rsatmalar va boshqa farmoyishlar berish taqiqlanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Shuningdek, kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlari ishlarini boshqarishda ishtirok etayotgan chet ellik menejyerlarning vakolatlari kengaytirildi, aksiyadorlik jamiyatlaridagi chet ellik xodimlarning boshqaruv xodimi sifatida olgan daromadlarini soliqdan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish