Jahon | 15:28 / 05.12.2015
5189
2 daqiqa o‘qiladi

IShID Kaliforniyada o‘z vakillari tomonidan terakt sodir etilganini ma'lum qildi

IShID 3 dekabr kuni Kaliforniyaning San-Bernardino shaharchasida uyushtirilgan ommaviy qotillik o‘z vakillari tomonidan uyushtirilganini ma'lum qildi va bu terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda tashkilot radio orqali e'lon qilgan.

"IShIDning ikki vakili bir necha kun oldin Kaliforniya shtatining San-Bernardino shaharchasida otishma uyushtirdi", deyilgan jangarilarga tegishli radio orqali.

Bugun ertalab, IShID Kaliforniyadagi otishmaga bilvosita aloqasi borligini tan olgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, FQB bu otishmani terakt sifatida baholagandi.

Ko‘p o‘tmasdan Los Angeles Times nashrida bu otishmani sodir etganlar IShID bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatadigan jangari guruhlarga aloqadorligi haqida xabar paydo bo‘lgandi.

3 dekabrga o‘tar kechasi Kaliforniya shtatining San-Bernardino shaharchasida (Los-Anjyeles yaqinida) noma'lum shaxslar jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun markaz hududiga bostirib kirib, tartibsiz ravishda o‘t ochishgandi. Bu otishma natijasida 14 kishi halok bo‘lgan va 17 kishi yaralangan.

Dastlab, bu otishmaga markazda uyushtirilgan ziyofatdagi janjal sabab bo‘lgani aytilgandi.

Keyinchalik, Kaliforniyada otishma uyushtirganlarning shaxsi tasdiqlandi. Ularning biri 28 yoshli Said Rizvon Faruq, ikkinchisi uning 27 yoshli rafiqasi Tashfin Malik ekani aytildi.

Ko‘p o‘tmasdan Sayd Faruq ancha vaqtlik ta'tildan keyin yaqindagina AQShga qaytgani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, uning rafiqasi 27 emas, 29 yoshdaligi, u AQSh fuqaroligiga ega bo‘lish uchun 2014 yilning iyulida o‘zidan 1 yosh katta Tashfin Malikka uylangani haqida ayon bo‘ldi. Ular 2013 yilda internet orqali tanishishgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish