Jahon | 12:22 / 05.12.2015
2541
1 daqiqa o‘qiladi

Meksikada avstraliyalik sportchilarni o‘ldirganlikda gumon qilinuvchilar qo‘lga olindi

Meksika politsiyasi 3 kishini avstraliyalik sportchilar qotilligida gumon qilib qo‘lga olgan. Bundan oldinroq, Sinaola shtati hududida avstraliyalik 2 syorfingchi yo‘qolib qolgandi.

Politsiya vakilining ma'lum qilishicha, qo‘lga olinganlar shu shtatdagi jinoiy tashkilot a'zolari hisoblanishadi. Qotillikka aloqadorlikda gumon qilinayotgan yana 2 kishini qidirish ishlari olib borilmoqda.

Avstraliyalik 2 syorfingchi 21 noyabr kuni Gvadalaxara shahriga yetib borishi kerak bo‘lgan, lekin ular bedarak ketgan.

Tergovning taxminiga ko‘ra, ularga yo‘lda jinoiy guruh hujum qilgan va talamoqchi bo‘lgan. Sportchilar qarshilik ko‘rsatishgach, ular o‘ldirilishgan va yoqib yuborilishgan.

Ayni vaqtda sud tibbiyot ekspertizasi hududda aniqlangan jasad qoldiqlarini tekshirib, ularning kimga tegishli ekanini aniqlash uchun ish olib bormoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish