Jahon | 12:34 / 06.12.2015
6017
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanning Adan viloyati gubernatori qurshovga tushib qolib, halok bo‘ldi

Yamanning ikkinchi yirik shahri, qonuniy hukumat joylashgan Adan viloyati gubernatori Jafar Saad otishma vaqtida granatamyotdan berilgan zarba tufayli halok bo‘lgan. Bu haqda mahalliy harbiylarga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Manbaning aytishicha, noma'lum qurolli guruh gubernator konvoyini o‘rab olgan va o‘qqa tutgan.

Bu hujum natijasida guberatorning 6 nafar qo‘riqchisi ham halok bo‘lgan.

Adan viloyati markazida ayni vaqtda mamlakat prezident Abd Rabbo Hodiy va uning vazirlari qo‘nim topgan.

Ma'lumot uchun, Yamanda hukumat va isyonchi husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustidan buyon davom etib kelmoqda. Shu yilning yanvarida husiychilarning "Ansor Alloh" guruhi Yaman poytaxti bo‘lmish Sano shahrini ishg‘ol qilgan va prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni shahardan haydab chiqargan. Mansur Hodiy Yamandagi ikkinchi yirik shahar Adanga ko‘chib o‘tgan.

Isyonchilar Adanga ham hujum qilishgach, u 25 mart kuni Saudiya Arabistoniga boshpana so‘rab, murojaat qilishga majbur bo‘lgandi.

Shundan keyin, 26 mart kuni uning iltimosiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Yamanda qonuniy hukumatni tiklash maqsadida isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarga kirishdi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni boshchilishidagi koalitsiyaga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Iordaniya, Marokash, Misr va Sudan ham kirdi.

Yamandagi qurolli to‘qnashuvning bir tomonida “Ansor Alloh” shialar harakatidan isyonchi xusiychilar va sobiq prezident Salohga moyil bo‘lgan armiyaning bir qismi, boshqa tomonda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiya kuchlari qo‘llab-quvvatlayotgan, mamlakatdan chiqib ketgan Abd Rabbo Mansur Hodiyning qo‘shinlari ishtirok etmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar qurbonlari 5 mingdan oshib ketgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish