Jamiyat | 15:36 / 07.12.2015
23612
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: o‘zbek san'atkorlaridan kimlar plastik operatsiyani ma'qul ko‘radi

“Darakchi” gazetasi O‘zbekiston estradasining mashhur ayollari orasida o‘ziga xos so‘rov o‘tkazib, ularning qaysilari plastik jarroh xizmatlaridan foydalanishni ma'qul ko‘rishiyu, qaysilari tabiiy go‘zallikni afzal tutishlarini aniqlashga harakat qildi.

“Plastik jarrohlik muhim deb biladiganlar” kategoriyasiga xonandalar Manzura va Munisa Rizayevalar kiritildi.

“Estrada olamiga kirib kelganimdagi ko‘rinishim bilan bugungisining farqi katta. Shu sabab yolg‘ondan foyda yo‘q, - tan oldi Manzura. – Bungacha ikki marotaba plastik operatsiyani boshdan o‘tkazganman. Shuningdek, botoks va labga biogel bilan ishlov berish usullaridan foydalanib turaman va zamonaviy tibbiyot imkoniyatlaridan foydalanishning hech qanday yomon tomoni yo‘q deb bilaman”.

“Plastik jarrohlik yo‘li bilan burnimning shaklini o‘zgartirdim, - dedi Munisa Rizayeva. – Chunki bu ish jarayonida ancha noqulayliklar keltirib chiqarardi. Masalan, tasvirga olish jarayonida kerakli rakursni topishga qiynalishardi. Lablarim shaklini o‘zgaritishda botoksdan foydalanishimni ham yashirmayman. Lekin sun'iy go‘zallikka haddan tashqari berilib ketish sog‘liqqa zararligini bilaman va zarurat bo‘lmasa, murojaat qilmagan bo‘lardim”.

Aktrisa Zarina Nizomiddinova va raqqosa Parizoda esa plastik operatsiyadan ko‘ra pardoz-andozni xush ko‘rishlarini e'tirof etishdi.
“Qoshimni rastushyovka qilganman, - dedi Parizoda. – Lablarimga ham maxsus gel bilan ishlov berilgan. Bu ikkala muolajani amalga oshirganimga ancha bo‘ldi. Kosmotologiya sohasida bu yangilik kashf qilinganida, qiziqib o‘zimda sinab ko‘rganman. Ammo bu ishimdan hozir afsuslanaman. Chunki tabiiy go‘zallikka hech narsa yetmaydi”.

Raqqosa Muhabbat Qurbonova va aktrisa Nargiza Abdullayeva esa plastik operatsiyani ham, kosmetologik jarayonlarni ham ma'qullamasliklarini, tabiiy go‘zallikni har narsadan afzal ko‘rishlarini aytishdi.
“Plastik jarrohlik, kosmetologik muolajalar va boshqa har qanday sun'iylikka qarshiman. To‘g‘ri, bunday imkoniyatlardan foydalangan hamkasblarimiz “san'atkorlar xalq ko‘z o‘ngida doim go‘zal bo‘lib yurishi kerak” degan fikrni olg‘a surishadi. Biroq muxlislar ham tabiiylik bilan sun'iylikning farqini juda yaxshi bilishadi”, - ta'kidladi Nargiza Abdullayeva.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish