Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jyeyenbekov: Qirg‘iziston Turkiyani yo‘qotsa, Xitoy bilan yaqinlashishga majbur bo‘ladi
Qirg‘izistonlik muxolif siyosatchi, parlamentning sobiq deputati, “Or-nomus” partiyasi yetakchilaridan biri Ravshan Jyeyenbekov EADaily nashriga bergan intervyusida Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashishi Qirg‘izistonda qanday aks etishi mumkinligiga izoh berdi.
“Qirg‘iziston rahbariyati kutmoqda. O‘ylashimcha, ular Moskva tomonidan yaqinda bosim o‘tkazilishi boshlanishi mumkinligini va Rossiya-Turkiya inqirozida ulardan aniq pozitsiya egallash talab qilinishi mumkinligini tushunmoqda. Va bu hukumatimizni asabiylashtirmoqda, negaki Turkiya bilan iqtisodiy, madaniy va siyosiy aloqalarimiz juda yaqin. Agar Qirg‘iziston Kreml tarafda tursa, bizda nafaqat Turkiya, balki turkiy xalqlar hamjamiyati bilan ham jiddiy muammolar tug‘ilishi mumkin. Shu bois hukumatimiz sukut saqlamoqda”, - ma'lum qildi siyosatchi.
Uning fikricha, Turkiya bilan munosabatlar yomonlashgan taqdirda Qirg‘iziston Xitoyga yuzlanishga majbur bo‘ladi.
“Bugun Qirg‘izistonda ta'lim tizimi Turkiya tomonidan egallangan – bolalar bog‘chasi, litseylar, oliy ta'lim dargohlari, hammasida turk dasturlari. Savdo sohasi deyarli to‘laligicha Turkiya tovarlari va tadbirkorlari tomonidan egallangan. Ular juda faol. Asosiy texnologik uskunalar ham Qirg‘izistonga Turkiyadan keltiriladi. Shu bois, agar biz Rossiya tomonida tursak, ko‘p narsa yo‘qotamiz. Biz uchun bu jiddiy muammo bo‘ladi. Agar Rossiyani qo‘llasak, biz, Turkiyani yo‘qotib, Rossiya emas, Xitoyga yaqinlashishga majbur bo‘lamiz. Bu Xitoyning Qirg‘izistondagi iqtisodiy va investitsion g‘alabasi bo‘ladi”, - ta'kidladi Jyeyenbekov.