Jahon | 18:32 / 09.12.2015
8812
2 daqiqa o‘qiladi

Time jurnali “Yil odami”ni tanladi

Amerikaning Time jurnali tomonidan Germaniya kansleri Angela Merkel an'anaviy “Yil odami” nominatsiyasi g‘olibi deb tan olindi.

“Yil odami” nominatsiyasi g‘olibi ortda qolayotgan yilda dunyoda sodir bo‘lgan yaxshi yoki yomon ma'nodagi hodisalarga ko‘proq ta'sir ko‘rsatgan shaxslarga taqdim etiladi. Time jurnalining “Yil odami” nominatsiyasi g‘olibi NBC telekanalida efirga uzatiladigan tonggi Today shousida e'lon qilindi.

Merkeldan tashqari, yil odami bo‘lish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Eron yetakchisi Hasan Ruhoniy, IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy, AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp, shuningdek, afroamerikaliklar huquqlari uchun kurashuvchi Black Lives Matter tashkiloti faollari kurash olib borishdi.

Germaniya kansleri mazkur nomzodlar ichida yil davomida dunyodagi yetakchi siyosiy va iqtisodiy hodisalar markazida bo‘lgani tufayli g‘alaba qozondi.

Time jurnalining Yil odami” nominatsiyasi 1927 yildan buyon dekabr oyida nashr bosh muharriri tomonilan tanlanadi. 1950 yilgacha ushbu nominatsiyaga muayyan shaxslar tanlangan bo‘lsa, undan keyin mavhum shaxslar ham loyiq deb topila boshlandi. Masalan, 2014 yilda jurnal Ebola virusiga chalingan kishilarga g‘amxo‘rlik qilganlarni “Yil odami” deb topgan edi. Tarixda ilk marotaba Atlantika ustidan yolg‘iz parvoz qilib o‘tgan amerikalik uchuvchi Charlz Lindberg eng birinchi “Yil odami” nominatsiyasiga munosib deb topilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish