Jahon | 07:17 / 10.12.2015
3767
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qiroli: arab hukmdorlari Suriyadagi vaziyatni tinchlik bilan hal qilish tarafdori

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdul Aziz Ar-Riyodda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining 36-sammitini rasman ochdi. U o‘z nutqida asosiy neft qazib oluvchi davlatlar hukmdorlari oldida Jyeneva kommyunikesi asosida Suriyadagi vaziyatni “siyosiy yo‘l bilan hal qilish zarurligini” aytdi.

Qirolning aytishicha, arab hukmdorlari “Yamanda tinchlik va xavfsizlikning tiklanishiga intilmoqdalar”. “Islom davlatlari dini yo‘q terrorni rad etadi”, deb aytdi qirol.

Saudiya Arabistoni xorijiy ishlar vaziri Nizor ibn Obod Madaniyning ma'lum qilishicha, Ar-Riyoddagi sammitga “katta umidlar bog‘lanmoqda”. Sammitda, bir qator masalalar bilan birga neft narxining pasayishi ortida neft bozorlaridagi vaziyat muhokama qilinadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, arab qirolliklarining neft eksportidan oladigan daromadi qisqarishi hisobiga ularning iqtisodiy yo‘qotishlari joriy yilda 275 mlrd dollarni tashkil qiladi.  

Sammitda muhokama qilinadigan dolzarb mintaqaviy masalalardan biri Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvdan keyin Tehron bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘ladi. Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi ma'muriyati rahbari Abdulatif az-Zayoniyning aytishicha, “buni amalga oshirishda Eron tomonidan Fors ko‘rfazida BAAga tegishli uchta orolning bosib olinishi to‘sqinlik qilmoqda”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish