O‘zbekiston | 20:16 / 10.12.2015
2581
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Yevropa Ittifoqi Ta'lim hamda Hamkorlik ko‘rgazmalari o‘tkaziladi

Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi tomonidan 11 va 12- dekabr kunlari Toshkent Plaza art-markazida “2015 – Yevropa rivojlanish yili”ni nishonlanish doirasida ikkita tadbir o‘tkaziladi.

Jumladan, 11 dekabr kuni “Yevropa Ittifoqining ta'lim ko‘rgazmasi” o‘tkazilib, unda Erazmus+ stipendiya dasturi hamda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlari grant dasturlari, shuningdek, Yevropa universitetlari bilan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik loyihalari ham namoyish etiladi. Ko‘rgazma doirasida Erazmus Mundus dasturi bitiruvchilarining Yevropada o‘qish va tanlov jarayonidagi muvaffaqiyat strategiyalari bo‘yicha taqdimotlari, ta'sirchan rezyume va asoslovchi xat yozish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi. Ko‘rgazma davomida tashrif buyuruvchilar o‘rtasida lotereya o‘yini o‘tkazilib, g‘oliblarga Yevropa Ittifoqi tomonidan yutuqlar topshiriladi.
12 dekabr kuni esa “Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston hamkorlik yarmarkasi” o‘tkaziladi.

Ko‘rgazmada Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan hamkorlik loyihalari, shuningdek, Ittifoqqa a'zo davlatlar loyihalari ham taqdim etiladi. Shanba kuni o‘tadigan mazkur tadbir doirasida bolalarga mo‘ljallangan turli o‘yinlar va mashg‘ulotlar uchun bolalar burchagi tashkil etish, Di-Jyeyning musiqali dasturi va Grek madaniy markazining “Buzuki” dastasi chiqishlari rejalangan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi tashkil etadigan viktorina g‘oliblarini mukofotlar kutadi.

Ma'lumot uchun, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohalarini yaxshilash, qonun ustivorligini ta'minlash, parlamentarizmni rivojlantirish, moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlar salohiyatini oshirish, chegaralarni qo‘riqlashni kuchaytirish va giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi kurash sohalariga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalaydi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqasiga ajratgan beg‘araz yordamining umumiy hajmi 2007-2013 yillar davomida 750 million yevroni tashkil etdi, 2014-2020 yillarda esa bu raqam 1 milliard yevroga yetishi kutilmoqda.

O‘zbekiston bilan hamkorlik davomida 2007-2010 yillarda 28.6 million yevro, 2011-2013 yillarda 42 million yevro beg‘araz yordam ajratilgan bo‘lsa, 2014-2020 yillarda bu maqsadalar uchun 168 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish