Jahon | 08:48 / 11.12.2015
7629
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg Rossiyaning Suriyadagi operatsiyaga qancha pul sarflayotganini aniqladi

2016 yilda Rossiyaning Suriyadagi operatsiyaga sarflaydigan puli 1,2 mlrd dollarni yoki kuniga 3,3 mln dollarni tashkil qiladi. Bu haqda Bloomberg operatsiyaga sarflanayotgan pullardan xabardor bo‘lgan manbalarga iqtibos keltirgan holda ma'lum qildi.

Agentlik iqtibos keltirayotgan Londondagi Qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan institutining baholashicha, Rossiya noyabr o‘rtalarigacha Suriyadagi kampaniyaga kuniga 4 mln dollar sarflagan, biroq Turkiya Su-24 samolyotini urib tushirgandan keyin, bu xarajatlar deyarli ikki barobarga – 8 mln dollargacha yoki yiliga 3 mlrd dollargacha oshirilgan.

Agentlikning ta'kidlashicha, bunday xarajatlar neft narxlari yana pastlagani hisobga olinsa, Rossiya byudjyetiga jiddiy ta'sir kilishi mumkin. Shu bilan birga Rossiya hukmron doiralari orasida Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasi qancha davom etishi haqida aniq tushuncha yo‘q.

“Bu operatsiya kamida bir yil davom etadi. Biz Suriya armiyasidan ko‘proq jonbozlikni kutgandik”, deb aytdi Rossiya Federal kengashining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Frants Klintsevich.

Bundan tashqari, agentlikning ta'kidlashicha, Rossiya hukumati yangi qurollanish dasturlarini amalga oshirish uchun xarajatlarni kamaytirishga majbur bo‘lmoqda.

Avvalroq Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Suriyadagi operatsiyaga ketayotgan xarajatlarni “sir” deb, aytishdan bosh tortgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish