Jamiyat | 11:40 / 11.12.2015
2499
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaotada haydovchilardan pul tama qilgan soxta politsiyachi qo‘lga olindi

Qozog‘istonning janubiy poytaxtida qalbaki hujjatlar yasab olgan, politsiyachi libosini kiygan firibgar haydovchilardan pul olayotgani aniqlandi. Uni “Bo‘ron-152” yo‘l patrul politsiyasi ekipaji Yettisuv tumanida ko‘rib qoldi. Surishtiruvlar natijasida uning qallob ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Aytilishicha, politsiya libosidagi firibgar ikki ko‘cha kesishuvida turib olib, o‘tayotgan avtotransport vositalarini tayoqcha bilan to‘xtatgan va tekshirgan, vaholanki yo‘l patruli politsiyasi ekipajlari allaqachon bu eskirgan usuldan voz kechib, uzoq yillar davomida xizmatni avtopatrul usulida olib bormoqda.
Tekshiruv chog‘ida erkakning yonidan soxta guvohnoma, o‘chirilgan radiostansiya, kishan, ishlamaydigan videoregistrator hamda ichki ishlar xodimlari uchun ma'lumotnoma topildi.

“Hujjatlarning soxtaligini bir qarashda sezish mumkin edi. Bundan tashqari, u bizning savollarimizga tuzuk-quruq javob bera olmadi”, - dedi jinoyatchini qo‘lga olgan politsiya serjanti Serik O‘rozxonov.
Aniqlanishicha, firibgar ushbu libosda shaharning turli chetlarida odamlarni aldab, pul undirib kelgan. Ayniqsa u avtoturargohlarda mashinasini noto‘g‘ri qo‘yib ketgan odamlarni oson o‘ljaga aylantirgan.
Voqea joyiga yetib kelgan operativ tergov guruhi qallobning shaxsini aniqladi va tergov harakatlarini boshlab yubordi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish