Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bugun 2016 yilgi Yevropa chempionati uchun qur'a tashlanadi
Bugun, 12 dekabr kuni Parij shahrida 2016 yilgi Yevropa chempionatining yakuniy final bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda 24ta terma jamoa oltita guruhga bo‘linadi.
Turnir yo‘llanmasi uchun 23ta terma saralash bosqichida ishtirok etdi. Yo‘llanmaga ega bo‘lgan terma jamoalar UYeFA reytingiga ko‘ra (14 oktabr holatidagi o‘rinlar), to‘rtta savatchaga ajratilgan. Ispaniya terma jamoasi Yevro-2012 turniri g‘olibi sifatida 1-savatchadan joy oladi.
Mezbon davlat sifatida Fransiya termasi ham birinchi savatchaga joylashtirilgan.
Birinchi savatchada shuningdek, Germaniya, Angliya, Portugaliya va Belgiya termalari bor.
1-savatcha:
Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Angliya, Portugaliya, Belgiya.
2-savatcha:
Italiya, Rossiya, Shveytsariya, Avstriya, Xorvatiya, Ukraina.
3-savatcha:
Chexiya, Shvetsiya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Vengriya.
4-savatcha:
Turkiya, Irlandiya, Islandiya, Uels, Albaniya, Shimoliy Irlandiya

Pley-off bosqichiga har bir guruhdan birinchi ikkita o‘rinni egallagan termalar va eng yaxshi natijalarni qayd etgan yana to‘rtta 3-o‘rin sohiblari ham yo‘l olishadi.
Qur'a marosimi Toshkent vaqti bilan soat 22.00da boshlanadi. Bu jarayon Uzreport telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi.
Qur'a tashlash marosimida Ruud Gullit (Gollandiya), Biksent Lizarazyu (Fransiya), Oliver Birxoff (Germaniya), Angelos Xaristeas (Gretsiya), Antonin Panenka (Chexoslovakiya), David Trezege (Fransiya) va Visente del Boske (Ispaniya) kabi mashhurlar qatnashishadi.
2016 yilgi Yevropa chempionatida ilk bor 24ta jamoa ishtirok etadi. Qit'a chempionati bir oy davom etadi (10 iyun - 10 iyul). O‘yinlarni Fransiyaning 10ta shahri qabul qiladi: Bordo, Lans, Lill, Lion, Marsel, Tuluza, Sent-Eten, Nitstsa, Parij va Sen-Deni.