O‘zbekiston | 06:57 / 12.12.2015
5703
5 daqiqa o‘qiladi

Davlatbek Sa'dullayev: tarixchi Goga Hidoyatov – tarix ilmining mushketyori edi

11 dekabrda 86 yoshida Toshkentda taniqli olim, tarixchi, O‘zbekiston teatr va kino san'atida o‘chmas iz qoldirgan, afsonaviy xalq artistlari Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘rayevaning farzandi Goga Hidoyatov olamdan ko‘z yumdi. Bu yorqin inson haqidagi o‘zining xotiralari bilan Rossiya pedagogik va ijtimoiy fanlar akademiyasi muxbir-a'zosi Davlatbek Sa'dullayev bo‘lishdi.

Sa'dullayevning aytishicha, u Goga Abrorovich Hidoyatov bilan Tashqi ishlar vazirligida, keyinchalik O‘zbekiston milliy universitetida (Sobiq ToshDU) birga ishlagan. Hidoyatov eng yangi tarix kafedrasi mudiri va tarix fakulteti dekani bo‘lib ishlagan.  

“Men uni doimo ochiq, o‘z qarashi – fanda va nafaqat fanda, balki tarixda o‘z o‘rniga ega obektiv olimning qarashiga ega murosasiz odam sifatida bilganman. Va unga birgina o‘z xalqi, vatani tarixidan bo‘lak hech nima ro‘kach bo‘la olmasdi. Bu borada u ham olim, ham inson sifatida murosasiz edi”, deb eslamoqda Davlatbek Samiyevich.

Olimning aytishicha, ko‘pchilik Hidoyatov haqida o‘z fikridan qaytmaydigan, mojaroli inson degan fikr bildirishardi. Biroq Sa'dullayev uni boshqacha inson: doimo ochiq, mehribon, kirishimli va o‘z so‘zini inkor etmaydigan inson sifatida eslaydi.

Sa'dullayevning ta'kidlashicha, Goga Hidoyatov dalil va eng mayda tafsilotlar bilan istalgan auditoriyani zabt eta oladigan, tarix va u bilan bog‘liq boshqa fanlarni mukammal biladigan mahoratli notiq bo‘lgan.  

Shu munosabat bilan olim keyinchalik ToshDU afsonasiga aylangan bir voqeani eslab o‘tdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonga taniqli amerikalik huquq himoyachisi Anjyela Devis kelganda, Hidoyatov u bilan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lgan. Bu uchrashuvdan keyin Devis Hidoyatovga shunchalik mahliyo bo‘lib qolganki, agar u uylanmagan bo‘lganda, unda unga albatta turmushga chiqishga rozi bo‘lishini aytgan. Va bu voqea ko‘p yillar davomida Hidoyatovning hamkasblari orasida muhokama qilib kelingan va do‘stona bir hazilga aylanib ketgan.

Bundan tashqari, tarixchi o‘zbek adabiy tilida, rus va ingliz tilida birday a'lo darajada so‘zlagan. U ko‘p miqdorda she'rlarni yoddan bilgan. Sa'dullayevning aytishicha bu bejizga emas, chunki Goga Hidoyatov mashhur teatr aktyorlari oilasi – xalq artistlari Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘rayevaning farzandi bo‘lgan.

Davlatbek Samiyevichning fikricha, bunday ota-onaning farzandi oddiy odam bo‘la olmasdi. Goga Hidoyatov iste'dodli shaxs, tarix mushketyori, ritsari bo‘lgan. Ijod borasida ham olim juda sermahsul ijod qilgan. Uning qalami ostidan ko‘plab monografiyalar, maktab va oliy ta'lim muassalari uchun darsliklar chiqqan, ulardan hozirda ham foydalanib kelinmoqda.

“Uning bir qator kitoblari O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillari chop etilgan. Bu kitoblar shunchalik ommaviylashib ketganki, undan ko‘plab iqtiboslar olingan. Olim o‘zining bir kitobini oddiygina qilib “Mening ona o‘lkam” deb nomlagan. Bu nimani anglatadi? Bu O‘zbekiston olim uchun haqiqatan ona vatan, olim o‘zining hayotini tasavvur eta olmaydigan o‘lka bo‘lganini anglatadi. U O‘zbekistonda yashab, jahon miyosidagi tarixchiga aylandi”, deb xotiralamoqda olim Goga Hidoyatovni.

Davlatbek Samiyevichning eslashicha, Goga Hidoyatov o‘z haqida gapirganda, “sahnada tug‘ilib, sahnada voyaga yetdim” deb aytardi. Uning uchun tarix bu sahna edi, u esa tarixni sevuvchi aktyor edi. Va u tarixni o‘zidan o‘tkazadigan rollar asosida tasvirlab bergan. Bu bir aktyorning tarixiy teatri edi.

“Biz ajoyib hamsuhbat, olim va notiqni yo‘qotdik. Goga Abrorovich donishmand edi va uning hayotdan ko‘z yumganidan juda afsusdaman”, deb afsus-nadomat bilan o‘z so‘zini intiholadi Davlatbek Samiyevich.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish