Jahon | 08:35 / 12.12.2015
3245
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi: muhojirlarning qisqartirilishi Saudiya iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi

Saudiya Arabistonida yosh ishsiz fuqarolarini ish o‘rinlari bilan ta'minlash uchun chet ellik mehnat muhojirlari sonining keskin qisqarishi milliy iqtisodiyotga zarar keltiradi. Bu haqda mamlakat mehnat vaziri o‘rinbosari Ahmad bin Solih al-Humaydan ArabNews resursiga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Ma'lumki, yaqinda Saudiya Arabistonida mehnat muhojirlari sonini keskin qisqartirib, mahalliy yoshlarni ish bilan ta'minlash tashabbusi ilgari surildi, ayni paytda taklif qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ammo al-Humaydan bu tashabbusni yoqlab chiqmadi. Uning ta'kidlashicha, mehnat bozorining 85 foizini chet elliklar egallab bo‘lgan.

“Bunday chora-tadbirlar ko‘rilsa, bu mehnat bozoriga ziyon keltiradi, ayniqsa uning xususiy sektorga xizmat ko‘rsatuvchi qismiga, bu esa milliy iqtisodiyotga jiddiy zarar bo‘ladi”, - ta'kidladi amaldor.
Bu bayonotni al-Humaydan 7-ar-Riyod iqtisodiy forumidagi chiqishida, ayrim ishtirokchilarning mehnat bozorida chet elliklarni kamaytirishga bo‘lgan chaqiriqlariga javoban berdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish