Jahon | 09:18 / 12.12.2015
11779
5 daqiqa o‘qiladi

Muammar Kaddafining to‘rtinchi o‘g‘li o‘zining o‘g‘irlanish voqeasi haqida aytib berdi

Liviyaning sobiq rahbari Muammar Kaddafining to‘rtinchi o‘g‘li, shialar tomonidan garovda tutib turilgan Gannibal Kaddafi Livan politsiyasi tomonidan qutqarib olindi va Bayrutga olib kelindi. Bu haqda Livan xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asosan Assoshieyted Press xabar tarqatgan.

Kaddafi Bayrutdan 80 km masofadagi Baalbek shahrida tutib turilgan edi. Uning tirik qaytarilishi qanday sabab evaziga amalga oshirilganiga politsiya izoh bermagan.

Kaddafining o‘zi tomonidan ma'lum qilinishicha, uni shia jangarilari bir necha o‘n yil oldin yo‘qolib qolgan shia imomi haqida ma'lumot olish uchun o‘g‘irlashgan.

Gannibal Kaddafining o‘g‘irlab ketilgani haqidagi ma'lumot 11 dekabr tongida ma'lum qilingandi. U Bayrutga rafiqasining oldiga kelganida "Amal" guruhi vakillari tomonidan o‘g‘irlangan.

Shu kuni Al-Jadeed TV telekanali orqali garovdagi Gannibal chiqish qilib, o‘z ahvoli yaxshi ekanini aytgan va odamlardan shialarning imomi Muso Sadr haqida qandaydir ma'lumot berishlarini so‘ragan. Bu imom 1978 yilda Liviya hududida o‘zining ikki hamrohi bilan izsiz g‘oyib bo‘lgandi.

Liviyaning sobiq rahbari Muammar Kaddafi 2011 yilning oktabrida 1,5 yil davom etgan fuqarolar urushi yakunida isyonchilar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgandi.

2015 yilning yozida uning katta o‘g‘li Sayf al-Islomga otib o‘ldirish jazosi tayinlandi.

Sayf al-Islomning rafiqasi jazoni yumshatishni so‘rab qilgan murojaati inobatga olinmagan.

Kaddafining ikkinchi o‘g‘li, Sa'diy Kaddafiy ustidan sud jarayoni boshlanganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. U 2011 yilga inqilobdagi norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirishda va yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, u Liviya futbol federatsiyasi mulkini noqonuniy o‘zlashtirish hamda liviyalik taniqli futbolchi Bashir ar-Riyoniyning o‘limida ayblanmoqda.

Yozda internetda Muammar Kaddafining bu o‘g‘li qiynoqqa solinishi tasvirlangan video tarqalgandi.

2011 yilgi inqilobdan keyin, avgust oyida Muammar Kaddafining rafiqasi Sofiya Farqash 3 farzandi bilan, Oysha, Gannibal va Muhammad bilan Jazoirga qochishgandi. Keyinroq oilaga Ummondan siyosiy boshpana berilgan.

Kaddafining jami 7 nafar o‘g‘li va bir qizi bor edi.

Beshinchi o‘g‘il Muttazim Billa armiya zobiti bo‘lgan. U 2011 yilning 20 oktabrida (37 yoshdaligida) Misrat shahridagi jang vaqtida, halok bo‘lgan.

Oltinchi o‘g‘il Saif al-Arab Kaddafi 1982 yilda tug‘ilgan. Myunxen texnika universitetida o‘qigan Saif harbiy sohaga aloqador bo‘lmasada, 2011 yilning 30 aprelida Tripolida o‘ldirilgan.

Kaddafining eng kenja o‘g‘li Xamis al-Kaddafi 1983 yilda Tripolida tug‘ilgan, yosh bo‘lishiga qaramasdan otasining ishongan generallaridan biriga aylangan. U 2011 yilning 29 avgustida Al-Mag‘rib shahridagi jangda halok bo‘lgan.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, yangi hukumat o‘z raqiblaridan o‘ch olish bilan ovora ekan, mamlakat IShID platsdarmiga aylanib qolmoqda. Suriyadagi ixtilof tufayli Liviyadagi vaziyat jahon hamjamiyati nazdida ikkinchi darajaga tushib qoldi, lekin Kaddafining ag‘darilishi bilan mamlakatdagi vaziyat yaxshilanmadi.

BMTning oxirgi hisobotiga ko‘ra, Liviyada IShIDning bo‘linmalari mustahkam o‘rnashib olgan bo‘lib, Afrikaning boshqa davlatlariga kirishda aynan shu yerdan foydalanmoqda. Bu paytda esa mamlakatning yangi hukumati eski raqiblarini yo‘q qilish bilan ovora. Kaddafining o‘g‘illaridan biri Sayfulislom qatl hukmining ijrosini qamoqda kutmoqda. Uning ukasi Sa'diy esa, sud ishni ko‘rib chiqishni vaqtinchalik to‘xtatganiga qaramay, bir necha oydan buyon qamoqda saqlanib kelmoqda.

BMT mutaxassislarining fikricha, Liviyada IShIDning 2 ming jangarisi bor, va ular hukumatning kuchsizligidan foydalanib, mamlakat ichidagi hududlarini kengaytirmoqda. Bing‘ozi va Sirt shaharlari allaqachonlar jangarilar nazorat ostida. Sirtning o‘zidayoq 1.5 ming jangari turibdi. IShID rasmiylari bir necha marotaba Liviya o‘z faoliyatini nafaqat Afrika, balki Yevropa tomon kengaytirish uchun eng to‘g‘ri keladigan mamlakat ekanligini aytgan edi. Liviya dengiz orqali Italiya bilan chegaradoshdir.

Ayni kunlarda mamlakatda ikki hukumat, uch etnos va ko‘plab terrorchi guruhlar o‘rtasidagi kurash davom etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish