Jamiyat | 18:57 / 13.12.2015
4737
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada eng uzun osma yo‘lovchi ko‘prigi qurildi

Yaponiya markazida joylashgan Sidzuoka prefekturasida mamlakatdagi eng uzun osma yo‘lovchi ko‘prigi qurildi. Bu ko‘prikdan Fudzi tog‘i, Suruga bo‘g‘ozi va Idzu oroli manzaralari ko‘rinib turadi. 14 dekabrda ko‘prik tantanali ravishda ochilgandan keyin undan birinchi sayyohlar sayr qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘prik Mishima Sky Walk – “Misimaning osmon so‘qmog‘i” deb nomlandi. U Misima temir yo‘l stansiyasi yaqinida, chuqurligi 70 metrni tashkil qiluvchi jarlik ustidan o‘tkazildi.

Jarlik dov-daraxt bilan qoplangani sababli, yo‘lovchilar yarim shaffof to‘rsimon sirtga ega ko‘prikdan ketayotganlarida ularda go‘yoki “yashil o‘rmon dengizi” ustida turgandek his paydo bo‘ladi. Ko‘prik konstruksiyasi imkoniyati cheklangan odamlar uchun ham mo‘ljallangan: ko‘prikning eni ikkita nogironlar aravachasi bemalol sig‘ishiga imkon beradi.

Ko‘prik qurilishi 2012 yilda boshlangan, uning narxi 33 mln dollarni tashkil qilgan. Ko‘prikka tashrif buyurish 8,5 dollar turadi.

Sidzuoka prefekturasi rahbariyati yangi ko‘prik yiliga 1,8 mln sayyohni jalb qilishiga umid bildirmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish