Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arab koalitsiyasi 15 dekabrdan boshlab husiychilar bilan sulhga amal qiladi
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab davlatlari koalitsiyasi Yamanda 1 hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga rozi bo‘ldi. Bu haqda SPA agentligi xabar tarqatdi.
Ma'lum qilinishicha, bu sulh 15 dekabrdan 21 dekabrgacha amal qiladi. Koalitsiya bu sulhni buzish huquqiga egaligini ta'kidlagan.
O‘tgan haftada Yaman prezidenti ikki tomon o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralar stoli atrofida yig‘ilish taklifi bilan chiqqandi.
14 dekabr kunidan Yaman hukumati bilan husiychilar o‘rtasida tinchlik sulhiga amal qilina boshladi.
6 dekabr kuni Yamanning Adan viloyati gubernatori qurshovga tushib qolib, halok bo‘lgandi.
Bir necha kundan so‘ng, koalitsiyaning 2 qo‘mondoni to‘qnashuvlar tufayli halok bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, Yamanda hukumat va isyonchi husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustidan buyon davom etib kelmoqda. Shu yilning yanvarida husiychilarning "Ansor Alloh" guruhi Yaman poytaxti bo‘lmish Sano shahrini ishg‘ol qilgan va prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni shahardan haydab chiqargan. Mansur Hodiy Yamandagi ikkinchi yirik shahar Adanga ko‘chib o‘tgan.
Isyonchilar Adanga ham hujum qilishgach, u 25 mart kuni Saudiya Arabistoniga boshpana so‘rab, murojaat qilishga majbur bo‘lgandi.
Shundan keyin, 26 mart kuni uning iltimosiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Yamanda qonuniy hukumatni tiklash maqsadida isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarga kirishdi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni boshchilishidagi koalitsiyaga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Iordaniya, Marokash, Misr va Sudan ham kirdi.
Yamandagi qurolli to‘qnashuvning bir tomonida “Ansor Alloh” shialar harakatidan isyonchi xusiychilar va sobiq prezident Salohga moyil bo‘lgan armiyaning bir qismi, boshqa tomonda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiya kuchlari qo‘llab-quvvatlayotgan, mamlakatdan chiqib ketgan Abd Rabbo Mansur Hodiyning qo‘shinlari ishtirok etmoqda.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar qurbonlari 6 mingga yaqinni tashkil etadi.
Yana 15 ming kishi jarohatlangan.