Jahon | 15:23 / 16.12.2015
3208
3 daqiqa o‘qiladi

«Dori-darmon» AK 2018 yilgacha 65ta loyihani amalga oshiradi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan aholini sifatli dori-darmon vositalari bilan ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda UzA xabar qildi.

"O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar farmatsevtika sanoatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Aholi salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda", deyiladi xabarda.

"Kompaniyamiz tarkibidagi yigirmata aksiyadorlik va mas'uliyati cheklangan jamiyati, bir ming uch yuzdan ortiq dorixona aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Dori-darmon yetkazib berish va saqlash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida joylarda zamonaviy dorixonalar, omborxonalar, logistika markazlari barpo etilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan farmatsevtika ombori, Guliston shahrida logistika markazi qurib bitkazildi", – deydi «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi raisi Abdug‘ani Komilov.

«Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tizimida faoliyat yuritayotgan dorixonalarning yetmish foizdan ko‘prog‘i qishloq joylarda ochilgani, xususan, 800dan ortiq dorixona QVPlarda joylashgani xalqimiz uchun katta qulaylik yaratmoqda.

Qishloq joylarda ko‘chma dorixonalar faoliyati yildan-yilga kengaymoqda. Bugungi kunda 14 maxsus jihozlangan «ISUZU» rusumli izotermik avtofurgon, 50 “Damas” avtomobili chekka hududlardagi aholiga dori-darmon yetkazib bermoqda. Ular tomonidan joriy yilda qiymati to‘rt milliard so‘mdan ko‘proq dori vositalari savdosi amalga oshirildi.

Ma'lumki, jahon tibbiyotida dorivor o‘simliklardan olingan shifobaxsh vositalarga ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda. «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan bu yo‘nalishdagi vazifalarni bajarish maqsadida 2018 yilga qadar oltmish beshta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida o‘simlik xomashyosini qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha yangi sex va korxonalar, mahsulotlarni saqlash omborlarini barpo etish mo‘ljallangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish