Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ted Kruz: Agar Asad ketsa, IShID Suriyani butunlay egallab oladi
Bashar Asadning Suriya prezidentligidan ketishi mamlakatdagi vaziyatni butunlay izdan chiqishi va IShID bu mamlakatni to‘liq egallab olishiga olib keladi. Bu haqda AQSh prezidentligi uchun nomzodlardan biri, texaslik respublikachi senator Ted Kruz 15 dekabr kuni Las-Vegas shahrida (Nevada shtati) o‘tkazilgan debat chog‘ida aytib o‘tgan.
Senatorning ishonch bildirishicha, AQSh oxirgi yillarda bir qancha diktatura rejimlarini ag‘darish uchun qilgan harakatlari aks natijalarni ko‘rsatdi.
"AQSh prezidenti Barak Obama va sobiq davlat kotibi Hillari Klinton (2009-2013 yillarda - tahririyat izohi) NATO yordamida Liviyadagi hukumatni ag‘darishdi. Ular bu orqali Liviyada demokratiya barpo qilmoqchi bo‘lishdi.
Lekin hozir ko‘rishimiz mumkinki, o‘lkaning asosiy qismi jangarilar nazoratiga o‘tgan", deydi Kruz.
U shuningdek, Misrdagi inqiloblar ham AQSh ishtirokida yuz berganini ta'kidlab, bu inqiloblar natijasida mamlakatda "Musulmon birodarlar" tashkiloti yuzaga kelganini eslatgan.
Kruz Muammar Kaddafi va Husni Muborak "yomon odamlar" bo‘lsada, ular o‘z davlatlari hududida radikal guruhlarning faoliyatini cheklab, ularga qarshi samarali kurash olib borishganini ta'kidlagan.
"Biz bu xatolarimizdan xulosa chiqarishimiz kerak. Agar biz Suriyada ham bu xatoni takrorlaydigan bo‘lsak, Suriyani IShID butunlay egallab oladi. Bu esa AQSh xavfsizligiga tahdidni kuchaytiradi", deya so‘zlarini yakunlaydi Kruz.
Saylovoldi kampaniyasi boshlanganidan buyon beshinchi marta o‘tkazilgan bu debatda Ted Kruzdan tashqari milliarder Donald Tramp, sobiq neyroxirurg Ben Karson, Florida shtati vakili bo‘lgan senator Mark Rubio, Floridaning sobiq gubernatori Jyeb Bush, Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik, Hewlett-Packard kompaniyasi sobiq rahbari Karli Fiorina, Nyu-Jyersi shtati gubernatori Kris Kristi va Kentukki shtatidan bo‘lgan senator Rend Pol ishtirok etishgan.
Bu debatdan oldinroq, prezidentlik poygasida ortda qolayotgan respublikachilardan iborat boshqa guruh "Venesianets" mehmonxonasi matbuot zalida Nyu-York shtati sobiq gubernatori Jordj Pataki, Pensilvaniya shtati sobiq senatori Rik Santorum, Janubiy Karolina shtati senatori Lindsi Grem va Arkanzas shtati sobiq gubernatori Mayk Xakabi ishtirokida debat bo‘lib o‘tgandi.