Jahon | 09:45 / 17.12.2015
2013
1 daqiqa o‘qiladi

Meksika shimolida politsiya 150 tonnadan ko‘proq marixuanani yo‘q qildi

Meksika federal politsiyasi xodimlari mamlakatning shimolida joylashgan Sonora shtatida beshta yirik marixuana plantatsiyasini aniqladi va yo‘q qildi. Bu haqda 16 dekabrda xavfsizlik bo‘yicha milliy komissiya ma'lum qildi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, yoqib yuborilgan giyohvand o‘simlikning umumiy og‘irligi 150 tonnadan ko‘proqni tashkil qilgan. Ushbu operatsiya hududiy va federal huquq-tartibot muassasalari sa'y-harakatlari va razvedkaning qo‘llab-quvvatlashi natijasi bo‘ldi.

Noqonuniy plantatsiyalar Alamos munitsipalitetida aniqlangan. Ularning eng kattasining maydoni 7 ming kvadrat metrni tashkil qilgan. Marixuana yo‘q qilinishidan avval uning namunalari tergovni boshlaydigan prokuratura xodimlariga topshirildi.

Meksikadagi jinoiy guruhlar ko‘p hollarda kimsasiz shimoliy shtatlarda marixuana plantatsiyalari tashkil etadilar. Jinoyatchilar ularda ishlash uchun mahalliy aholini jalb qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish