Jahon | 19:48 / 17.12.2015
6794
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Trampni AQSh prezidentligi uchun saylovdagi asosiy nomzod deb biladi

Bugun, 17 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin jurnalistlarni o‘n birinchi marta katta matbuot anjumaniga to‘plab, ularga o‘n birinchi marta “yil hisoboti”ni o‘qib eshittirdi.

U o‘z nutqida AQSh prezidentligi uchun saylovda ishtirok etadigan nomzodlardan biri Donald Trampni saylovda g‘alaba qilish uchun asosiy nomzod sifatida hisoblashini aytib o‘tdi.

U bunga shubha qilmasligini ta'kidlagan.

"U juda yorqin shaxs va uning yetakchi siyosatchi sifatidagi xislatlarini e'tirof etmoq kerak. Uning xislatlarini baholash bizning ishimiz emas, lekin u prezidentlik poygasida g‘olib bo‘lish uchun asosiy nomzoddir", deydi Putin.

"U nima ishni qanday qilmoqchiligini oldindan aniq aytadi. Qolaversa, u Rossiya bilan do‘stlashmoqchiligini bildirgan va biz bunday taklifni qutlab qarshi olamiz", deya qo‘shimcha qilgan Putin.

"Uning ba'zi nostandart chiqishlari amerikaliklar orasidagi mashhurligini oshirishga qaratilgan. Bu esa uning o‘z ishi. Bizning ishimiz unga baho berish", degan Rossiya prezidenti.

2016 yilning kuzida bo‘lib o‘tadigan saylovda respublikachilar partiyasidan milliarder Donald Trampdan tashqari texaslik senator Ted Kruz, sobiq neyroxirurg Ben Karson, Florida shtati vakili bo‘lgan senator Mark Rubio, Floridaning sobiq gubernatori Jyeb Bush, Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik, Hewlett-Packard kompaniyasi sobiq rahbari Karli Fiorina, Nyu-Jyersi shtati gubernatori Kris Kristi, Kentukki shtatidan bo‘lgan senator Rend Pol, Nyu-York shtati sobiq gubernatori Jorj Pataki, Pensilvaniya shtati sobiq senatori Rik Santorum, Janubiy Karolina shtati senatori Lindsi Grem va Arkanzas shtati sobiq gubernatori Mayk Xakabi kabi siyosatchilar nomzod hisoblanishadi.

Respublikachilar saylovning oxirgi bosqichi uchun asosiy nomzodni 2016 yilning 18-21 iyul kunlarida Klivlendda o‘tkaziladigan partiya yig‘ilishi so‘nggida ko‘rsatishadi.
Hozirda respublikachilar orasida Tramp katta ustunlikka erishmoqda (41 foiz). Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda Ted Kruz (14 foiz) va Mark Rubio (10 foiz) qayd etilishgan.

Demokratlar tomonidan esa asosiy nomzod Hillari Klinton hisoblanadi. Demokratlarning asosiy nomzodi rasman 2016 yilning 25-28 iyul kunlarida Filadelfiya shahrida o‘tkaziladigan partiya yig‘ilishidan keyin e'lon qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish