Jamiyat | 22:08 / 17.12.2015
31021
3 daqiqa o‘qiladi

Yodgor Sa'diyevning rafiqasi qazo qildi

O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyevning xonadonida og‘ir judolik yuz berdi. Bugun, 17 dekabr kuni aktyorning turmush o‘rtog‘i Zaylixon aya Sa'diyeva olamdan o‘tdi. Bu haqda qalampir.uz xabar tarqatdi.

Marhuma san'atshunos olima edi. U shuningdek Toshkent shahridagi maktablardan birida o‘qituvchi sifatida ishlab, shogirdlar yetishtirgan.

Ularning ikki nafar farzandlari bor: o‘g‘li Habibullo, qizi Munisxon.

Kun.uz tahririyati Sa'diyevlar oilasiga chuqur hamdardlik bildiradi.

Zaylixon Sa'diyeva gazetalarning biriga bergan intervyusida Yodgor Sa'diyev bilan qanday tanishgani haqida shunday degan edi:

— Men rus maktabida o‘qiganman. Bir kuni maktabdan kelib televizorni yoqsam, bir yigit o‘zbek tilida bir she'rni chiroyli, ma'noli, dona-dona qilib aytayapti. Rus tilida o‘qiganim uchun ham she'r ma'nosiga tushunmasdim-u, lekin ekrandagi yigit oromimni o‘g‘irlagandi (kuladi). Yursam ham, tursam ham she'r o‘qigan yigit ko‘z oldimdan ketmasdi. O‘sha paytlari bitiruvchi sinf o‘quvchisi edim. Yodgor aka ilk marotaba «Dilbarim» filmida suratga tushgan. Shundan so‘ng qaysidir jurnalda suratlari bilan chiqdi. Ana shu jurnaldagi suratlarni qirqib olib, yotoqxonamga yopishtirib qo‘ygandim (kuladi). Oradan bir necha yillar o‘tgach, eshitishimcha, men yoqtirgan yigit otam bilan bitta teatrda ishlar ekan. Bu xabarni eshitib, juda quvondim. Otam ham, onam ham teatrda ishlashardi. Bizni ham teatrga olib borib turishardi. Yodgor akaning teatrda ishlashini eshitib, halovatim yo‘qoldi. Keyin onamga, «Sizning o‘rningizga matn tarjima qilgani boray», deb bahona qiladigan bo‘ldim. Shu tariqa teatrga borib turardim, fursatdan foydalanib, Yodgor aka bilan yaqindan tanishishga musharraf bo‘ldim. Shu orada u kishi harbiy xizmatga ketadigan bo‘ldi. Tanish-bilishlardan xizmat manzilini olib, qaysidir bayram bilan tabriklab, xat yozib jo‘natgandim. Xizmatdan qaytganidan so‘ng u kishining ham ko‘ngli borligini, menga nisbatan munosabati jiddiyligini aytdi. Keyin sovchi jo‘natdi. Yodgor aka, «Zaylixon, bilasizmi, uylanmoqchi bo‘lsam, avval onasini ko‘rib, keyin qizini olaman, deb niyat qilardim», dedi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish