Jahon | 10:36 / 18.12.2015
9112
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Moskva o‘tish jarayoni doirasida Asadning ketishiga tayyor

Rossiya vakillari Suriya prezidenti Bashar Asadning o‘tish jarayoni doirasida o‘z lavozimidan ketishiga tayyorliklarini ma'lum qildilar. Bu haqda g‘arb davlatlari diplomatlariga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

“Rossiyaliklar o‘zaro suhbatlarda Asad o‘tish jarayoni oxirida ketishini qabul qilishga tayyorgarliklarini aytmoqdalar. Ular hozircha bu haqda ommaviy ravishda aytishga tayyormaslar”, deb aytdi diplomatlardan biri. Uning bir necha hamkasblari bu ma'lumotni tasdiqladi.

Ularning aytishicha, G‘arb va Rossiyaning Suriya muammosi bo‘yicha munosabatlarida hozircha ancha qarama-qarshiliklar mavjud, biroq bu qarama-qarshiliklar sekin-asta kamaymoqda.

Shuningdek, ta'kidlanishicha, Moskva Tehrondan ko‘ra Bashar Asaddan uzoqlashishga ko‘proq tayyor. Diplomatlardan birining aytishicha, Eronda hali ham Asadning hokimiyat tepasida qolishi talab qilinmoqda.

Yuqori lavozimdagi diplomatlardan biri Rossiya hukumati Asadning o‘rnini egallay oladigan nomzodlar ro‘yxatini tayyorlab qo‘yganini aytdi, biroq buning tafsilotlarini keltirmadi. Eronda bunday ro‘yxatning borligi haqida ma'lumot hozircha mavjud emas.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish