Jahon | 23:33 / 20.12.2015
7867
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Yevropani tashqi siyosatdan voz kechayotganlikda aybladi

Yevropa o‘z mustaqilligining katta qismini NATOga topshirib, tashqi siyosatdan voz kechmoqda, deb aytdi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Putin bu haqda “Rossiya 1” telekanalida efirga uzatilgan “Miroporyadok” hujjatli filmi uchun bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Yevropaning muammosi shundaki, u mustaqil ravishda tashqi siyosat yuritmaydi. Umuman yuritmaydi”, deb aytdi Putin.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, “Yevropa mustaqilligining bir qismi NATOdan ko‘ra ko‘proq blokning yetakchisi AQShga topshirilgan”.

Putin Germaniya va Fransiyaning qarshiligiga qaramasdan, AQSh qo‘shinlarining Iroqqa olib kirilishini bunga misol tariqasida keltirdi.

“Bostirib kirish amalga oshgandan, Saddam Husayn va Iroq yo‘q qilingandan keyin, eslaysizmi, ularga nima deyishgan? Siz nohaq edingiz, deyishgan. Menga ham “biz yutdik, siz esa chetda qolib ketdingiz” deb aytishgan”, deb aytdi Putin.

Putinning ta'kidlashicha, biroq oqibatda Yaqin Sharqda terrorchilik avj oldi va endi zarbalar Fransiyaning o‘ziga berilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish