O‘zbekiston | 18:33 / 21.12.2015
4278
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Ostonada Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 21 dekabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvida ishtirok etdi.

Mazkur forumning kun tartibiga ko‘ra Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan turli sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi hamda YeIning Markaziy Osiyo uchun Strategiyasini amalga oshirish jarayoni va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha tomonlarning takliflari ko‘rib chiqildi.

Shu kuni Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” shaklidagi munosabatlarning holati va istiqbollari, oliy va yuqori darajalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni hamda turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, yakunlanayotgan yilda 1996 yilda imzolangan O‘zbekiston va YeI o‘rtasida sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga binoan tashkil qilingan deyarli barcha qo‘shma institutlarning majlislari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning ayrim mavzulari yuzasidan ham fikr almashildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish