Jahon | 12:51 / 21.12.2015
4721
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Rossiyadan 7 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ xarid qilmoqchi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiyaga tashrifi chog‘ida qurol sotib olish bo‘yicha muhim kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda, deb yozadi «Kommersant'».

Bu Modining Rossiyaga qilgan birinchi rasmiy tashrifi bo‘ladi. Gazetaning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Modi Andxra-Pradesh shtatida Rossiya ishtirokida yangi atom stansiyasi qurishga rozilik beradi. Bu haqda Modi Vladimir Putin bilan suhbati chog‘ida ma'lum qilishi mumkin.

Harbiy qurollar sotib olish bo‘yicha Rossiya va Hindiston o‘rtasida tuziladigan shartnomaning taxminiy qiymati 7 mlrd dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Hindiston S-400 markasidan beshta divizion xarid qilishi mumkin, biroq rasmiy Nyu-Delini Rossiya beshta divizion uchun so‘rayotgan 2,5 mlrd dollarlik narx qoniqtirmayapti.

«Shuningdek Hindiston tomoni dizel-elektr tizimida ishlovchi ikkita 636 loyihadagi «Varshavyanka» suv osti kemasi, uchta fregat, 48 dona Mi-17V5 harbiy vertolyotlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar ham bo‘lib o‘tadi», — deya aniqlik kiritadi gazeta.

Bundan tashqari, muzokaralar davomida Hindistonda qo‘shma korxona asosida ko‘p maqsadli Ka-226T vertolyotini ishlab chiqarish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Qayd etib o‘tish joiz, Hindiston Rossiyaning qurol import qilish bo‘yicha eng asosiy hamkori sanaladi. 2014 yilda Nyu-Deli Rossiya jami qurol eksportining 28 foizini sotib olgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish