Jamiyat | 17:48 / 22.12.2015
7816
2 daqiqa o‘qiladi

Telegraph: Bruney sultoni Rojdestvoni bayram qilishni taqiqladi

Bruney sultoni Hassanal Bolkiax mamlakat fuqarolarini Rojdestvoni bayram sifatida nishonlash og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi. Bruneyda bu taqiqqa amal qilmaganlar 5 yilga qamaladi. Bu haqda The Telegraph gazetasida yozilgan.

Ma'lum qilinishicha, bu taqiq mamlakatning islom diniga e'tiqod qiluvchi fuqarolariga taalluqli bo‘lib, boshqa e'tiqoddagilarga bayramni tor doiralarda nishonlashga ruxsat berilgan.

Bruney Din ishlari vazirligi ma'lumotida aytilishicha, "Bayramni ochiq tarzda nishonlash musulmonlarning iymoniga zarar yetkazishi mumkin", deb hisoblangan.

Shu oyning boshida mahalliy imomlar shunday tashabbus bilan chiqishgandi. Ular archalarni bezash, Yangi yil qo‘shiqlarini kuylash shariatga to‘g‘ri kelmasligini aytishgan va bu holatga jiddiy yondashish zarurligini ta'kidlashgan.

Nashrning yozishicha, ayni vaqtda Bruney aholisining 65 foizi islom diniga e'tiqod qiladi. Qayd etilishicha, aholining bir qismi bu taqiqlardan noroziligini bildirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda #MyTreedom heshtegi bilan Rodjyestvoga oid suratlar joylashtirishmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish