Jahon | 10:05 / 24.12.2015
13632
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: AQSh Suriyada davlat to‘ntarishi amalga oshirmoqchi bo‘lgan

AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati bir necha yil oldin Suriyadagi zo‘ravonlik holatlariga barham berish maqsadida hukumat doirasida Bashar Asadga qarshi amaldorlarni izlab, ular yordamida davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lgan. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi o‘z manbalariga asoslanib, xabar tarqatdi.

Xabarda yozilishicha, Bashar Asadni ketkazish maqsadida hukumatning bir qancha vakillari bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilingan. AQSh birinchi navbatda harbiy to‘ntarish amalga oshirish maqsadida hukumatdagi eng zaif nuqtalarni izlagan, lekin topa olmagan.

Bu jarayondagi ishlar o‘ta ehtiyotkorlik bilan olib borilgan. Ba'zida vakillar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ba'zida esa suriyaliklarning asosiy ittifoqchilari hisoblanmish Rossiya hamda Eron vositachiligida muloqotlar o‘rnatilgan.

"AQSh Suriyada davlat to‘ntarishini amalga oshirish maqsadida 2011 yildayoq tartibdagi “darz ketgan” joylarni aniqlashga harakat qilgan. Ammo bunday joylar kutilganidek ko‘p bo‘lib chiqmadi. Amerika maxsus xizmati xodimlari yangi hukumat boshiga kelishga tayyor alavit zobitlarni topishga muvaffaq bo‘lishdi, xolos".

"2011 yil Oq uy siyosati amaldagi tartibda “yoriq joylarni” aniqlash evaziga siyosiy to‘ntarishni amalga oshirishdan iborat edi. “Yangi hukumat” tepasiga keladigan odamlarni qanday yo‘l bilan bo‘lmasin Asaddan voz kechishlariga ko‘ndirishimiz lozim edi, xabar beradi AQSh prezidenti ma'muriyatining sobiq xodimlaridan biri.

Nashrda yozilishicha, 2012 yilning yozida AQSh prezidenti ma'muriyatining bu loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan deb hisoblangan. Shundan so‘ng, AQSh mamlakatdagi isyonchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan, lekin bu yo‘l ham kerakli samaralarni keltirmagan.

Oxirgi oylarda ham Oq uyda Asadga qarshi muxolifatni qo‘llashni davom ettirish yoki IShIDga qarshi kurashda Asad bilan birlashish vazifalaridan qaysi birini tanlash bo‘yicha muhokamalar davom etgani aytilgan.

Bundan oldinroq, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri rasmiy Vashington Suriyada Bashar Asadning hukumatini almashtirishga urinmasligi haqida aytgandi.

Suriyada 2011 yilning mart oyi boshlangan qurolli mojaro hanuzgacha davom etmoqda. Bunda qurollangan terror uyushmalari (IShID va “Jabhat an-Nusra” ekstremistik guruhi jangarilari) davlat armiyasi askarlariga qarshi kurashib kelmoqda. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, qonli to‘qnashuvlar 250 ming kishi hayotiga zomin bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish