Jamiyat | 09:12 / 25.12.2015
10209
6 daqiqa o‘qiladi

2016 yilda 1,5 mingga yaqin «Kamolot» uylari foydalanishga topshiriladi

O‘zbekiston prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yana bir muhim kafolati bo‘ldi. Mazkur qaror asosida yurtimizning barcha hududida «Kamolot» uylari barpo etilib, yosh oilalarga topshirilmoqda.

"2015 yil Jamshid Shukurovlar xonadoni uchun omadli bo‘ldi. Yosh oila poytaxtimizning Sergeli tumanida qad rostlagan «Kamolot» uylari sohiblaridan biriga aylandi", deyiladi O‘zA xabarida.

"Yashash uchun har tomonlama qulay «Kamolot» uyiga ko‘chib o‘tganimdan qancha quvongan bo‘lsam, tengdosh va hamfikr qo‘shnilar borligi yana bir omadim. Farzandlar tarbiyasida, ularning qanday insonlar bo‘lib kamolga yetishida ular bilan birga ulg‘ayayotgan qo‘shni bolalarning ahamiyati katta. Qo‘shnilarimizning barchasi ma'lum bir sohada yutuqqa erishgan, jamiyatimizda o‘z o‘rnini topa olgan yoshlardan iborat", – deydi J.Shukurov.

Kattaqo‘rg‘on tumanining Alijon qishlog‘ida tug‘ilgan Jamshid Shukurov to‘rt farzandli oilaning to‘ng‘ichi. Ota-onasi parrandachilik fermasida ishchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda. Ular farzandlarining bilim olishi, o‘qib-o‘rganishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitni yaratdi. Maktabni a'lo baholarda tamomlagan Jamshid 2005 yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetining bakalavr, 2007 yilda magistratura bosqichini bitirdi. So‘ng O‘zbekiston Fanlar akademiyasida tadqiqotchi-izlanuvchi bo‘lib ish boshladi. Hozirgi kunda akademiyada katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Ish faoliyati davomida J.Shukurovning qirqqa yaqin ilmiy maqolasi mamlakatimiz va chet el nashrlarida chop etildi.

Yosh olim hozirgi kunda mahalliy xomashyo asosida ko‘p funksiyali ta'sirga ega bo‘lgan defoliantlar, ya'ni g‘o‘za barglarini to‘kuvchi texnologiya olish ustida ilmiy ish olib bormoqda.

"O‘g‘limning imtiyozli ravishda “Kamolot” uylari sohibi bo‘lgani haqidagi xushxabarni butun oilamiz bilan katta xursandchilikda kutib oldik. Mamlakatimizda yoshlarga, yosh oilalarga ko‘rsatilayogan bunday e'tibor biz kabi ota-onalarning ham mushkulini oson qilmoqda. Yangi yilni farzandim, nabiralarim bilan yangi uyda kutib olishni niyat qildik. Yoshlar erishayotgan yutuqlar, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, xonadonlardagi fayzu-baraka istiqlol bergan ulug‘ ne'matlardir", – deydi Jamshidning otasi Sulton Shukurov.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashidan ma'lum qilishlaricha, 2015 yilda ikki mingdan ziyod yosh oila shinam uy-joylarga ega bo‘ldi. Sog‘lom ona va bola yilida ham bir yarim mingga yaqin «Kamolot» uylari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda birgina Toshkent shahridan 165 yosh oila «Kamolot» uylari sohiblariga aylandi.

“Kamolot” uylarini yosh oilalarga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bunday uylarni turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobda turgan hamda fan, san'at, adabiyot, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan, shuningdek, ariza berilgan paytda 30 yoshdan oshmagan er-xotinlar ipoteka krediti asosida sotib olish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq “Kamolot” uylaridagi sotib olinadigan xonadonlar qiymatini to‘lash uchun, boshlang‘ich badal kiritilmasdan, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan foizli stavka bilan 20 yil muddatga, jumladan, 5 yillik imtiyozli davrga berish belgilab qo‘yilgani yosh oilalar uchun katta imkoniyatdir.

Mazkur zamonaviy uylarni qurishda yoshlarning oilaviy sharoiti hisobga olingan. Masalan, yangi turmush qurgan yosh oilalarga ikki xonali, ikki va undan ko‘p bolali oilalarga uch xonali uylar berilayotir. Bu oilalarning nafaqat turmush sharoitini yaxshilash, balki farzandlarini har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishdek ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

"Quvonarlisi, bu uylarni olishga doir hujjatlarni tayyorlash, ularni rasmiylashtirish juda oson kechdi, – deydi Go‘zal Anorqulova. – Xonadonimizda yosh oila uchun barcha sharoit mavjud. Bundan tashqari, har bir xonadonga alohida ichki isitish moslamalari o‘rnatilganligi yosh oilalarga moddiy jihatdan ham ko‘mak bo‘ldi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish