Jamiyat | 10:15 / 25.12.2015
2708
2 daqiqa o‘qiladi

«General Motors Powertrain Uzbekistan» xodimlari ekologik tadbir o‘tkazishdi

«General Motors Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi ishchilari zavod yaqinida joylashgan 237 maktabda ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etishdi. Maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv kompaniyaning ijtimoiy mas'ullikka yo‘naltirilgan loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Tadbirda o‘quvchilarga «General Motors» kompaniyasining rivojlanish tarixi hamda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi. Kompaniyaning ekologiya va atrof-muhit bo‘yicha menejyeri Ozoda Ismailova bolalar bilan birgalikda havoning ifloslanishi, biologik xilma-xillikni asrash, chiqindilarni utilizatsiya qilish kabi global muammolarni muhokama qilish bilan birga atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha «General Motors Powertrain Uzbekistan» qo‘shma korxonasi amalga oshirayotgan ishlar haqida hikoya qilib berdi. Maktab o‘quvchilari bilan qizg‘in suhbat tarzida o‘tkazilgan tadbirda bolajonlar kompaniya va uning tizimida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi. Tadbir so‘ngida korxona ishchilari ishlab chiqarishdan ortib qolgan materiallardan tayyorlangan qush uyalarini bolajonlar o‘zlari o‘rnatishlari uchun ularga taqdim etishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish