Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kolumbiyada ELN tashkilotining 8 nafar rahbari hibs qilindi
Kolumbiya hukumati mamlakat janubi-g‘arbida harakatlanadigan Milliy ozodlik armiyasi tashkilotining (ELN) yuqori lavozimli 8 nafar rahbari qo‘lga olingani haqida e'lon qildi.
Shuningdek, hukumat harbiylari bu tashkilotning katta miqdordagi qurollar va o‘q-dori saqlanayotgan omborini aniqlagan.
Kolumbiya hukumatidagilarning qayd etishicha, o‘tkazilgan maxsus amaliyot orqali marksizm g‘oyalari ta'siridagi bu jinoiy tashkilotning 1500 nafarga yaqin vakili harbiy harakatlarni amalga oshira olmasligi ta'minlangan.
ELN Kolumbiyadagi ikkinchi yirik qurollangan isyonchi guruh hisoblanib, hukumat bilan tinchlik sulhi tuzilishi bo‘yicha muzokaralarga qo‘shilmagan.
Mamlakatdagi eng yirik isyonchi tashkilot Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari (KIQK) esa yozda hukumat bilan murosaga kelgandi. Shundan so‘ng Kolumbiya prezidenti mamlakatdagi isyonchi tashkilot bazalarini bombalashni to‘xtatishni buyurgandi.
Oktyabr oyida Kolumbiyada partizanlik hujumi oqibatida 11 nafar harbiy va politsiyachi halok bo‘lgan, shundan keyin prezident Xuan Manuel Santos ELN isyonchilariga qarshi harakatlarni faollashtirishni buyurgandi.
Kolumbiyada 1964 yilda hukumat va isyonchilar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelgandi. O‘tgan 50 yil davomida bunday to‘qnashuvlar oqibatida 220 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan va 6 milliondan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.