Jahon | 12:48 / 27.12.2015
3587
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Germaniyadagi razvedkachi samolyotlarni Suriya bilan chegarani nazorat qilish uchun Turkiyaga jo‘natmoqda

NATO Germaniyaning Gaylenkirxen shahridagi bir qancha Boeing E-3 Sentry uzoq masofadan radiolokatsion aniqlash samolyotlarini Suriya bilan chegarani nazorat qilishi uchun Turkiyaga sarfarbar qilmoqda. Bu haqda 27 dekabr kuni Bild am Sonntag nashri ma'lum qildi.

Nashr Shimoliy Atlantika alyansi NATO a'zosi sifatida Turkiya xavfsizligini ta'minlash uchun shunday qarorga keldi, deya yozmoqda. Germaniya tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari o‘tgan haftada Bundestagni amalga oshirilajak amaliyot to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilgan.

“AWACS (radioaniqlash va kuzatuv aviatsion kompleksi. – Kun.uz) samolyotlarini Gaylenkirxen bazasidan Turkiyaning Konya shahridagi aerodromga vaqtinchalik joylashtirish rejalashtirilgan”, - deya Bundestagning muvofiqlashtiruvchi qo‘mitalariga yuborilgan maktubdan iqtibos keltirilgan.

“Bu Bundesver harbiy xizmatchilariga ham taalluqli bo‘lib, biz 30 foiz ekipajni taqdim etamiz”, - deya ma'lum qilgan Germaniya Mudofaa vazirligi vakili DPA agentligiga. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur harbiy amaliyot Bundestag mandatini talab etmaydi, chunki mazkur samolyotlar Turkiya osmonida faqatgina havodagi vaziyat to‘g‘risida ma'lumot to‘plash bilan shug‘ullanadi. Germaniya TIV va Mudofaa vazirliklari maktubida ayni paytda harbiy aviatsiyaning qo‘llanilishiga hojat yo‘qligi aytib o‘tilgan. Bu IShID jangarilarining shaxsiy aviatsiyasi yo‘qligi, Suriya hukmati esa Turkiyaga qarshi o‘z aviatsiyasidan foydalanish rejasi mavjud emasligi bilan izohlangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish