Jamiyat | 11:55 / 28.12.2015
4244
2 daqiqa o‘qiladi

"Bataklan" teatridagi terakt vaqtida 6ta o‘q tekkan qo‘shiqchi komadan chiqdi

Parijda 13 noyabr kuni sodir etilgan teraktlar vaqtida "Bataklan" teatrida bo‘lgan qo‘shiqchi Laura Kruaga 6ta o‘q tekkan va u shu vaqtgacha koma holatida qolib kelayotgandi. U 27 dekabr kuni komadan chiqqan. Bu haqda Sunday Times xabar tarqatdi.

31 yoshli aktrisada 10 marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, ulardan biri vaqtida uning yuragi yaqinidan o‘q olib tashlangan.

"Uning birinchi bo‘lib "nima bo‘lganini" so‘radi. U ayni vaqtda dahshatni boshdan kechirmoqda. U o‘sha vaqtda juda ko‘p odamlarning o‘ldirilishiga guvoh bo‘lgan. U hozir juda ko‘p savol bermoqda", deydi qo‘shiqchining katta akasi Sebastyan Krua.

Daily Mail nashri ma'lumotiga ko‘ra, bu ayolning ahvoli 10 dekabr kunidan boshlab o‘nglana boshlagan. Uning qarindoshlari u to‘liq sog‘ayib, o‘z faoliyatini davom ettira olishiga ishonch bildirishmoqda. Ular bir yildan keyin qo‘shiqchi bo‘lib o‘tgan voqealar ta'siridan xalos bo‘lishiga umid qilishmoqda.

Krua xonim Fransiya poytaxtidagi xunrezlik tufayli jarohatlangan 352 kishidan biri edi.

Parijda 13 noyabr kuni terrorchilik harakatlari ketma-ketligi yuz berdi. Otishmalar, odamlarni garovga olish va portlashlar oqibatida 130 kishi halok bo‘lgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish