Jamiyat | 17:30 / 29.12.2015
9480
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston madaniyati 2015 yilda: yilning eng muhim hodisalari raqamlarda

Poyoniga yetayotgan 2015 yil O‘zbekiston madaniyati uchun ham muhim voqeliklarga boy tarzda o‘tdi. Ko‘plab madaniy tadbirlari nafaqat yurtimiz, balki butun dunyodan kelgan minglab ezgu maqsadli insonlarni jamladi. Quyida yurtimizda yil davomida bo‘lib o‘tgan eng muhim tadbirlar, erishilgan yutuqlarni qisqacha tarzda e'tiboringizga havola etamiz.

***

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida “Turkiston” san'at saroyida so‘z mulkining sultoni buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 574 yilligi munosabati bilan “Nazm va navo kechasi" , buyuk shoir, davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligi munosabati bilan "Nafosat gulshani" adabiy-badiiy, musiqiy, teatrlashtirilgan kecha tashkil etildi. Mazkur badiiy kechalar Buxoro, Andijon, Namangan viloyatlarida ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi 2256-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida "Diydor” teatr-studiyasi tomonidan Zulfiyaning hayotidagi yaxshi va yomon kunlari, taassurotlari, tasavvurlari, ichki kechinmalari, sevgisi, oilasi ota-onasi, o‘tmishi, hurlik sog‘inchi haqidagi xotiralaridan so‘zlovchi "Xotiram siniqlari" dostoni asosida "Yodim siniqlari" spektakli sahnalashtirildi.
Yetuk rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilib, ilk marta Toshkent shahrida tomoshabinlar hukmiga havo etilgan mazkur spektakl respublikamizning barcha viloyatlarida namoyish etildi.

***

Joriy yilda “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali yuqori saviyada tashkil etildi. Festivalning nufuzi va qamrovi tobora ortib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlar, xalqaro madaniyat tashkilotlari, mashhur san'at namoyandalari unda qatnashish istagini bildirmoqda. 1997 yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi anjumanga 66 davlat san'atkorlari tashrif buyurdi.

***

Xalqimiz orasidan yetishib chiqayotgan yosh iqtidor egalarini asrab avaylash, ularning imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida 2000 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste'dodlar uchun “Nihol” mukofoti tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazilib, mazkur mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar soni 167 nafarga yetdi.

***

 

“Yagonasan, muqaddas Vatan!” Respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlarida jami 57 632 nafardan ziyod ishtirokchilar qatnashdi. Ulardan 28 nafar xonanda, 3 nafar duet va O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli tanlovning yakuniy bosqichida iqtidorlarini namoyish etdilar.

***

An'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan yosh sozandalarning “Sozlar navosi”, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari ko‘rik-tanlovlari, “San'at maktabi” telefestivali, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilarining respublika ochiq ko‘rik-festivali, “Onam aytgan allalar” festivallari kabi tadbirlar bilan birgalikda joriy yilda bir qator yangi loyihalar amalga oshirildi.

***

2015 yilda ilk marta tashkil etilgan “Yoshlik zavqi” nomli balet va zamonaviy raqs ijrochilari festivali, xalqaro raqlar gultasiga aylangan “Raqs sehri” tanlovi, Yosh maqom ijrochilari ko‘rik-tanlovi, “Ijodimiz senga, Vatan!” nomli yosh bastakorlar respublika tanlovi kabi tadbirlar yosh san'atsevarlar uchun haqiqiy ijod maydoni yaratdi.

***

Yosh ijodkorlarning “Aktyor ijodida raqs san'ati” I ko‘rik-festivali, o‘zbek san'ati va xalq ijodiyoti durdonalarini asrash, yoshlar ongu shuuriga singdirish maqsadida tashkil etilgan “Xush kayfiyat" qiziqchi hamda so‘z ustalari respublika tanlovi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi madaniyat va san'at kollejlarining aktyorlik va rejissyorlik yo‘nalishidagi o‘quvchilari o‘rtasidagi “Yilning eng yaxshi sahna asari” Respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi.

***

Mustaqilligimizning 24 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Nima qildik Vatan uchun?” yoxud “Biz yoshlar giyohvandlik va terrorizmga qarshimiz!” shiori ostida mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodda vatanparvarlik hissini yanada mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat va fidoiylik ruhida tarbiyalash, giyohvandlik, diniy ekstremizm va terrorizm kabi salbiy illatlarga qarshi kurashish maqsadida yoshlar festivallari o‘tkazildi.

***

2014 yil 11 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 189-conli qarori asosida 2–8 sentabr kunlari Respublika miqyosida “Muzeylar haftaligi” madaniy-ma'rifiy tadbirlari o‘tkazildi.

***

2015 yil mobaynida teatr jamoalari tomonidan 6 mingdan ziyod spektakl namoyish etildi. Madaniyat muassasalari, madaniyat va istirohat bog‘lari, hayvonot bog‘lari, muzeylar tomonidan 104 773 ta tadbir o‘tkazilgan. Ularda 25 mln. dan ortiq aholi ishtirok etgan.

***

Joriy yilda 97 ta madaniyat va aholi dam olish markazi, 26 ta madaniyat va istirohat bog‘i foydalanishga topshirildi.

***

“O‘zbeksirk” respublika birlashmasida 651 ta tomosha namoyish etilgan, shundan 548 tasi ko‘chma sirk tomoshalari (Shapito) qishloq joylarda tashkil etildi.

***

2015 yilning sentabr oyida “Milliy va xalqaro tanlov, festivallarda g‘olib bo‘lgan iqtidorli yoshlar faoliyatini keng targ‘ib qilish va o‘sib kelayotgan avlodda vatanparvarlik hissini yanada mustahkamlash maqsadida “Ulug‘imsan, Vatanim!” aksiyasi” o‘tkazildi.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi Axborot xizmati ma'lumotlari asosida tayyorlandi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish