Jahon | 18:29 / 30.12.2015
5093
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Eron yadroviy dasturi bo‘yicha bayonot berdi

Oq O‘rda saytida 30 dekabr kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qo‘shma rejaning ijro etilishidagi siljishlar munosabati bilan bergan bayonoti chop etildi. Bu haqda nur.kz xabar bermoqda.

Bayonotda ta'kidlanishicha, Qozog‘iston ushbu rejaning realizatsiyasida kuzatilayotgan siljishlarni iliq qarshi oladi hamda uning ijrosida bevosita ishtirok etishga umid qiladi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini vositachilar (Buyuk Britaniya, Germaniya, XXR, Rossiya, AQSh va Fransiya) “Oltilik guruhi” va Eron qo‘shma komissiyaning koordinatori sifatida Qozog‘istonga murojaat qilgani alohida qayd qilindi.

Qozog‘istonning bu boradagi nuqtai nazarini inobatga olgan holda bunday siyosiy-diplomatik munosabat Eron yadroviy dasturi atrofidagi muammolarni bartaraf qilishning yagona yo‘lidir, deb hisoblaydi Nazarboyev. Bu holat, shuningdek, mintaqani yadrodan holi zonaga aylantirish borasidagi tashabbusga muvofiq keladi hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladi, qolaversa, ikki tomonlama Qozog‘iston va Eron munosabatlarining rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.

“2015 yilning sentabr oyida, BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasidagi chiqishimda men jahon hamjamiyatini yadrodan holi dunyo yaratishni insoniyatning XXI asrdagi asosiy maqsadiga aylantirishga chaqirgan edim. Qozog‘iston yadrodan holi dunyo yaratish maqsadi jahonning barcha davlatlarida qat'iy siyosiy iroda mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshishiga ishonadi”, - xulosa qildi mamlakat rahbari.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish