O‘zbekiston | 12:32 / 30.12.2015
24703
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarining yangi tahriri chop etiladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririni tasdiqladi. Gazeta.uz saytining ma'lum qilishicha, tahrir 2016 yilning 1 martidan kuchga kiradi.

YHQning amaldagi tahriri 2000 yilda qabul qilingan bo‘lib, unga 2006, 2007, 2011 va 2013 yillarda o‘zgartishlar kiritilgan. Yangi qoidalar mamlakatda oxirgi yillarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni, shu jumladan, transport vositalarining ko‘payganini ham aks ettirishi ta'kidlanmoqda.

Qoidalarga kiritilayotgan asosiy o‘zgartishlardan biri Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlariga aholi punktlarida 70 km/soatdan ortiq tezlik belgilash huquqining berilishidir. Agar yo‘l sharoitlari katta tezlikda xavfsiz harakatlanishni ta'minlasa, bunday hududlarda yuqorida ko‘rsatilganidan tezroq harakatlanish tartibi belgilab berilishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi qoidalarda uy-joylarda va ularga yondosh hududlarda (uy binolari o‘rtasidagi yer uchastkalari) transport tezligi 30 km/soatdan oshmasligi lozimligi belgilangan.Bolalar guruhlarini tashkiliy ravishda tashish faoliyatini amalga oshirayotgan transport vositalari tezlikni 60 km/soatdan oshirmasligi talab etiladi.

Ta'kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston aholi joylarda ruxsat etilgan tezlik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga egadir. Yevropa davlatlarida, ko‘pgina rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 50 km/soatdan oshmaydi.Shuningdek, yangi tahrirdagi YHQda navigatorlar va videoregistratorlardan foydalanish masalasi tartibga solingani aytilmoqda.

Bundan tashqari, yangi qoidaga ko‘ra, haydovchi yo‘lovchilarni xavfsizlik kamarlarini (mototsikl yoki mopedda bo‘lganida esa xavfsizlik shlemlarini) taqish zaruratidan ogohlantirishi talab qilinadi.Sutkaning qorong‘i qismida yoki yo‘lni ko‘rish sharoitlari cheklangan joyda majburiy to‘xtagan mashina haydovchisi ta'mir uchun yo‘l chetiga vositani olib o‘tish oldidan yorug‘lik qaytaruvchi nimcha kiyishi shart bo‘ladi.

Endilikda avtobus va marshrutli transport vositalarida, shuningdek, mototsikl va mopedlarda yaqin masofa chiroqlari sutkaning yorug‘ soatlarida ham yoqilgan turishi shart bo‘ladi.Velosipedlar, yorug‘lik qaytargichlardan tashqari, oldinda chiroq yoki oq rangli fara bilan, orqada esa qizil rangli fara bilan jihozlanishi kerak. Moped haydovchilariga motoshlem taqmasdan yurish taqiqlanadi.

Shuningdek, qoidalarga yo‘l harakati qoidalarining buzilishini avtomatlashtirilgan maxsus vositalar yordamida foto va videoda qayd qilish tushunchasi kiritilgan.
YHQ strukturasi jiddiy o‘zgarmagan, lekin endilikda uning punktlari boshqacha raqamlangan – 1dan 186gacha (ilgari – 1.1dan 28.10gacha). Yo‘l belgilarini raqamlash tartibi o‘zgarmadi.

Xabarnomada ta'kidlanishicha, yangi qoidalar IIVning rasmiy saytida chop etiladi, barcha o‘zgarishlar OAV orqali tushuntirib beriladi. Bundan tashqari, oy davomida yangi tahrirdagi YHQ bosma tarzda chop etilishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish