Jamiyat | 08:44 / 30.12.2015
3473
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qirg‘izistonga 40 tonnadan ortiq insonparvarlik yordamini jo‘natdi

Rossiya FVV (Favqulodda vaziyatlar vazirligi) Qirg‘izistonga noyabr oyida ro‘y bergan zilzila oqibatlariga qarshi kurash doirasida 40 tonnadan ortiq hajmdagi insonparvarlik yordami yubordi. Bu haqda vazirlik saytida ma'lum qilingan.

"Bugun Rossiya hukumati ko‘rsatmasi bo‘yicha Moskvadagi Ramenskoye aerodromidan O‘sh shahridagi aeroportga Il-76 MChS samolyoti jo‘nab ketdi. Bu samolyot Qirg‘iziston aholisiga o‘tgan oyda ro‘y bergan zilzila tufayli ajratilgan insonparvarlik yordamlarini olib ketdi", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu samolyot bortida 40 tonnadan ortiq hajmdagi insonparvarlik yordamlari ortilgan. Yuklar orasida ko‘p kishilik chodirlar, issiq yopinchiqlar, idishlar, oziq-ovqatlar, isitish pechlari va hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa buyumlar mavjud.

Qirg‘izistonda 17 noyabr kuni 6,3 balli zilzila ro‘y bergandi. Zilzila tufayli qurbon bo‘lganlar qayd etilmagan, lekin O‘sh viloyati hududida 4 mingdan ortiq uy hamda binolar vayron bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish