Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyalik yakkakurash jangchisi Fyodor Yemelyanenko 31 dekabrda ringga qaytadi
Ko‘plab ekspertlarning fikricha, tarixda aralash yakkakurashning eng yaxshi jangchisi, rossiyalik Fyodor Yemelyanenko 31 dekabrda ringga qaytadi. Afsonaviy sportchi Yaponiyada ulg‘aygan, hind millatiga mansub jangchi Jaydip Singx bilan ringga tushadi. Singxning hisobida kikboksing qoidalari bo‘yicha 51 ta jangdan 40 ta g‘alaba va MMA qoidalari bo‘yicha 2 ta jangdan 2 ta g‘alaba bor.
Aralash yakkakurashning nomdor ustasi, sambo bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni, Yaponiyada “Oxirgi imperator” deb ataluvchi Fyodor Yemelyanenko o‘z jangini yirik xalqaro musobaqa Rizin Fighting World Grand Prix doirasida o‘tkazadi. Bu musobaqa 29-31 dekabr kunlari Saytama shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqada 100 kg gacha vazn toifasiga ega 8 nafar maxsus tanlab olingan jangchilar bellashadi.
Singx rossiyalik sportchidan 12 sm ga banlandroq va 11 yilga yoshroq. Ma'lum qilinishicha, Yemelyanenko — Singx jangi Tokio vaqti bilan 11:05 da boshlanishi kerak (Toshkent bilan Tokio orasidagi farq 4 soatni tashkil qiladi, ya'ni bu jang Toshkentda soat 15:05 bo‘lganida boshlanadi).
Yemelyanenko MMA’da o‘tkazgan 40 ta jangidan 35 tasida g‘alaba qozongan. U oxirgi jangini 2012 yil iyunda o‘tkazgan. Yemelyanenko faoliyatini tugatgandan keyin Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutkoning maslahatchisi bo‘lib ishlagan va “Rossiya MMA ittifoqi”ning prezidenti hisoblanadi.
Jangga tayyorlanish davomida Fyodor Moskva, Amsterdam va Stariy Oskolda (Rossiyaning Belgorod viloyatidagi shahar, Yemelyanenkoning ona shahri) mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Avvalroq sportchi eski jarohatlarini davolab, o‘zini yaxshi his qilayotgani va ringga qaytish vaqti kelganini aytgandi.