Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda prezidentlikka nomzodlar yig‘adigan imzolar soni 5 baravar kamaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.
Ushbu Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2015 yilning 27 noyabrida qabul qilingan va Senat tomonidan 2015 yilning 4 dekabrida ma'qullangan edi.
Qonunga muvofiq, saylov qonunchiligi, bir qator kodekslar va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Yangi Qonun hujjati bilan bu havolada PDF shaklida tanishish mumkin.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentligi uchun saylovda siyosiy partiyalar ko‘rsatgan nomzodlarini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini to‘plash jarayonida endi avvalgidek saylovchilarning 5 foizi emas, 1 foizi imzosini yig‘ish kifoya qiladi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunning 242-modda beshinchi qismining beshinchi xatboshisidagi «kamida besh foizining» degan so‘zlar «kamida bir foizining» degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
Shu vaqtgacha nomzod sifatida tasdiqlanish uchun saylovchilarning kamida 5 foizi imzosi (1 million atrofida) talab qilinardi. Endilikda nomzodlar 200 ming saylovchining imzosini to‘plashi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, tuzatishda 18 yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida doimiy» degan so‘zlar «o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha» degan so‘zlar bilan almashtirishi belgilangan.
23-moddaning uchinchi qismiga o‘zgartirish kiritilgan.
Ro‘yxatga kiritilmaganlik, noto‘g‘ri kiritilganlik yoki ro‘yxatdan chiqarilganlik yuzasidan, shuningdek ro‘yxatda saylovchi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rsatishda noaniqlikka yo‘l qo‘yilganlik xususida shikoyat qilish bo‘yicha murojaatlar esa uchastka saylov komissiyasi tomonidan avvalgidek 2 kun ichida emas, 24 soat ichida ko‘rib chiqilishi keraktligi ko‘rsatilgan.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining e'tiboriga yetkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari (ta'til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida o‘z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a'zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Saylovoldi tashviqotini olib borish saylov boshlanishidan avvalgidagi kabi 1 kun emas, 2 kun oldin to‘xtatiladi.
Saylovchilar va nomzodlarning uchrashuvlari mustaqil ravishda olib boriladi.