Jamiyat | 11:09 / 02.01.2016
2815
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung Vetnamdagi texnoparkka 2 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Samsung korporatsiyasi Vetnam hukumatidan mamlakatning eng yirik shahri Xoshiminda joylashgan SHTP (Saigon Hi-Tech Park) texnoparkiga kiritadigan investitsiyani oshirishga ruxsat oldi. Bu haqda Reuters axborot agentligiga majmua direktori Le Xoay Kuok ma'lum qildi.

Kuokning aytishicha, Samsung kompaniyasi SHTP’ga qo‘shimcha 600 mln dollar investitsiya kiritishga ruxsat oldi. Bu pullar “aqlli” televizorlar va turli elektron qurilmalarni ishlab chiqarishni tashkillashtirish va texnopark hududida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun sarflanadi.

Dastlab kompaniya loyihaga 1,4 mlrd dollar investitsiya qilmoqchi bo‘lgandi, endi esa 2 mlrd dollar sarflay oladi. Janubiy Koreya kompaniyasi ushbu texnoparkda o‘z mahsulotlarini 2016 yilning fevral oyi oxirida yoki mart oyi boshida ishlab chiqarishni boshlaydi.

Ma'lum qilinishicha, Samsung Vetnam bozorida eng yirik xorijiy investitsiyachi hisoblanadi. Kompaniya mamlakatda televizorlar ishlab chiqaruvchi zavod qurish uchun 560 mln dollar, smartfon ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga 3 mlrd dollar sarflashi va suyuq kristalli modullar ishlab chiqarishini to‘liqligicha mamlakatga o‘tkazishi ma'lum qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish