Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron prezidenti Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni qoralab chiqdi
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy eronliklar tomonidan Saudiya Arabistonining Tehron shahridagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni qoraladi va bu hujum tashkilotchilarini sud orqali jazolashga chaqirdi.
2 yanvar kuni kechasi, Saudiya Arabistonida shialar xatibi Nimr an-Nimr qatl qilinganiga norozilik sifatida eronliklar saudiyaliklarning Tehrondagi elchixonasi oldida namoyish o‘tkazib, binoda yong‘in chiqarishgan. Bugun bu hujumda ishtirok etganlarning 40 nafarga yaqini hibsga olingani ma'lum bo‘ldi.
"Tehron va Mashhadda radikallar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar natijasida Saudiya Arabistoni elchixonasi va konsulligiga jiddiy zararlar keltirdi. Bu harakatlarni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Ularning bu harakati Eron Islom respublikasining xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazishi mumkin", deydi prezident.
U mamlakat ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, vazirlik bu hodisa aybdorlarini aniqlash va sudga tortishda milliy xavfsizlik xizmati va razvedka bilan hamkorlik qilishni so‘ragan.
Bundan tashqari, u Saudiya Arabistonida shialar xatibini qatl etilishiga e'tiroz bilan qaragan.
"Men buni insoniylikka zid qadam deb bilaman. Bu orqali inson huquqlari yana bir bor qadrsizlantirildi. Men shayx Nimrning oilasi va yaqinlariga hamda butun musulmon olamiga o‘z ta'ziyamni izhor qilaman", deyilgan Eron prezidentining bayonotida.
2 yanvar, shanba kuni Saudiya Arabistoni IIV o‘limga mahkum qilingan 47 kishining qatli ijro etilgani haqida xabar bergan edi.
Shayx Nimr an-Nimr Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan 2012 yilda mamlakat sharqida o‘tkazilgan norozilik namoyishi vaqtida qo‘lga olingan edi. 2014 yilda u mamlakatda tarqoqlik, qirolga bo‘ysunmaslik va terrorchilik tashkiloti tuzganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga mahkum qilingan edi.
2014 yilning fevral oyida Saudiya Arabistoni terrorchi va ekstremizmga qarshi jinoiy javobgarlik uchun jazo choralarini sezilardi darajada kuchaytirgan edi. Qirollikda terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro‘yxati e'lon qilingan.