Jahon | 21:03 / 03.01.2016
5112
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonning Pokiston bilan chegarasi yaqinidagi bazaga uyushtirilgan hujum tufayli 11 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Pokiston bilan chegaradosh Panjob shtatidagi Patxankote shahridagi Harbiy Havo kuchlar bazasiga jangarilar hujum qilishi natijasida halok bo‘lganlar soni 11, jarohatlanganlar soni 20 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda jurnalistlarga Hindiston IIV rahbari o‘rinbosari Rajiv Mexrish ma'lumot bergan.

"Halok bo‘lganlarning 6 nafari va jarohatlanganlarning 8 nafari HHK askarlari. Shuningdek, bu hujum natijasida Milliy xavfsizlik xizmatining 5 nafar vakili halok bo‘lib, 12 nafari jarohatlangan", deya ma'lum qilgan u.

Uning aytishicha, hujum qilgan 8 jangaridan 6 nafari o‘ldirilgan, yana 2 nafari baza hududuiga yashiringani taxmin qilinmoqda.

Hujum qiluvchilar bazaga yaqin masofadagi qishloqdan o‘g‘irlangan avtomobilni mingan holda kirib kelishgan. Ularning maqsadi bazadagi Mi-35 va MiG-21 samolyotlarini olib ketish bo‘lgani aytilmoqda.

Hindiston hukumati so‘nggi vaqtlarda bu hududga hujumlar uyushtirayotgan jangarilar Pokistonning Bahavalpur viloyatidan kirib kelayotganini taxmin qilmoqda. Hindlarning ma'lumotiga ko‘ra, bu jangarilar 2000 yilda Pokistonda tuzilgan "Jaish Muhammad" guruhi a'zolari hisoblanadi. 2001 yilda bu guruh vakillari Hindiston poytaxtidagi parlament binosiga hujum qilib, 10 kishining o‘limiga sabab bo‘lishgandi.
Qayd etish kerakki, Patxankotedagi bazaga hujum Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Pokiston safaridan qaytib kelishidan bir necha kun o‘tib yuz bera boshladi. Modi 25 dekabr kuni Afg‘onistondan qaytishda Pokistonning Lahor shahrida to‘xtagan va mamlakat rahbariyati vakillari bilan uchrashgandi.

Rasmiy Islomobod Patxankotedagi voqealarni qoralab chiqdi.
"Pokiston Patxankotedagi bazaga uyushtirilgan hujumni keskin qoralaydi. Biz Hindiston hukumati va xalqiga o‘z ta'ziyamizni izhor qilamiz", deyilgan mamlakat TIV bayonotida.